Apple Indoneziyadagi ishlab chiqarish korxonalariga 1 mlrd dollar sarmoya kiritadi

Jahon 19:32 / 05.12.2024 1150

Apple texnologik giganti smartfonlar va boshqa mahsulotlar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan Indoneziyadagi korxonaga 1 milliard dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat investitsiya vaziri Rosan Ruslani ma’lum qildi.

Oktyabr oyida Indoneziya Appleʼni mamlakat qonunlariga rioya qilmaslikda ayblab, iPhone 16 sotuvini taqiqlab qo‘ygandi. Indoneziya qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatda sotiladigan telefonlarning kamida 40 foiz ehtiyot qismlari mahalliy ishlab chiqarishga ega bo‘lishi kerak.

Ruslanining jurnalistlarga ma’lum qilishicha, o‘zaro kelishuv shartlari hozirda ishlab chiqilmoqda, ammo u investitsiya hajmi 1 milliard dollarni tashkil etishini tasdiqlagan.

O‘tgan hafta hukumat Appleʼning aksessuarlar va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 100 million dollarlik zavodni qurish taklifini rad etgandi.

Noyabr boshlarida Apple korporatsiyasi Globalstar sun’iy yo‘ldosh kompaniyasiga qariyb 1,5 milliard dollar sarmoya kiritmoqchi ekani to‘g‘risida xabar berilgandi. Globalstar sun’iy yo‘ldosh tarmog‘idan hozirda iPhoneʼlardagi favqulodda xabar yuborish xizmatini boshqarishda foydalanilmoqda. Mazkur funksiya ilk bor iPhone 14 qurilmasida ishga tushirilgan va uning yordamida favqulodda vaziyatlarda sun’iy yo‘ldosh orqali matnli xabar yo‘llash mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: