Ekologik vaziyatni yaxshilash, atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, qurilish tashkilotlarining mas’uliyatini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Qayd qilinishicha, qonun loyihasi bilan qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun qurilish tashkilotlari mansabdor shaxslarining javobgarligini belgilash taklif etilmoqda.
Jumladan, ushbu harakatni sodir etganlik uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida (hozir 3,75 mln so‘m), huquqbuzarlik jazo qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida (18,75 mln so‘m) jarima belgilash taklif etilmoqda.
Xabarda qonun loyihasi Qonunchilik palatasida qachon ko‘rib chiqilishi haqida ma’lumot berilmagan.