Unda O‘zbekiston prezidentining "Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmoni bilan mazkur sohani zamon talablari asosida isloh qilishning 9 ta ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgani ta’kidlangan. Bundan tashqari, so‘nggi 3 yil ichida sohani reforma qilish va bozor munosabatlarini joriy qilish bo‘yicha respublika rahbarining 6 ta farmoni hamda 9 ta qarori qabul qilingani ham aytib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, sohadagi islohotlar natijasida paxtachilik, g‘allachilik, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, pillachilik va ipakchilikda tadbirkorlik sub’yektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, sohada qo‘shilgan qiymat yaratish va uni rag‘batlantirish, mahsulotlarni erkin bozorda sotish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy qilindi.
Shuningdek, maqolada ishni yangicha tashkil etish orqali g‘alla ekiladigan ochiq maydonlarga tejamkor seyalkalarda urug‘ qadalayotgani, ekin yerlari lazerli usulda tekislanayotgani, g‘alla ekish ishlari 10-12 kun erta yakunlanayotgani, ko‘chat soni gektariga 4,8-5,5 million donani tashkil etgani, sohada qo‘llanilgan innovatsion ishlanmalar va ilm-fan yutuqlari hisobiga don yetishtirish yildan yilga oshayotgani qayd etilgan.
Sholichilikda takroriy maydonlarga ekish miqdori 78 foizni tashkil etdi. Zamonaviy texnologiyalar yordamida 30 foizgacha suv va 50 foizgacha urug‘lik sholi tejaldi.
"Qishloq xo‘jaligi sohasida aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, qishloq hududlarini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi", – deb yozilgan maqola xulosasida.