“Hammaning tirikchiligi guruchdan” - sholichilar qishlog‘i Cho‘ng‘araga sayohat

Jamiyat 10:46 / 01.10.2023 43220

O‘zbekistonning eksklav hududi hisoblangan Cho‘ng‘ara qishlog‘ida asosan qirg‘iz millatiga mansub fuqarolar istiqomat qiladi. So‘lim qishloq aholisi asosan sholi yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Rustam aka Madiyorov esini tanibdiki yerga sholi urug‘i qadaydi. Ota-bobolari ham dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Kun.uz muxbiri dehqonning uyida mehmon bo‘lib kunlik faoliyati bilan tanishdi.

Cho‘ng‘ara So‘x daryosi sohilining o‘ng tomonida joylashgan. Aholisi soni 1 641 nafar. Qishloqning umumiy maydoni esa 261 gektar. Shundan 160 gektar yer maydoniga sholi ekiladi.

Cho‘ng‘araga borish uchun Rishton tumanidagi chegara post hamda qo‘shni Qirg‘izistonning Qaytpas davlat chegara postlaridan o‘tasiz. Guruchi bilan mashhur qishloq Rishton tumani markazidan 27 kilometr uzoqlikda joylashgan. Chegara nazorati postlaridan o‘tib olgach Cho‘ng‘ara qishlog‘i tomon yo‘l oldik.

Qishloqdan So‘x daryosi oqib o‘tadi. Sholilar aynan shu daryodan qonib-qonib suv ichadi.

Rustam akaning tog‘ yonbag‘riga ekkan sholisi pishib qolgan. Hosilini yig‘ishga tushibdi. Dehqon har yili guruchning jaydari, lazer, alanga, elita kabi navlaridan ekib yaxshigina daromad oladi.

“Cho‘ng‘ara deganda eng avvalo guruch tushuniladi. Sababi bu yerda hamma sholi ekadi. Ertalab vaqtli turib sholining suviga qaraymiz, mollarga o‘t o‘ramiz. 4 ta farzandim bor, 3 qiz, 1 o‘g‘il, hammasini uyli-joyli qilganman. Qizlarim turmushga chiqqan, o‘g‘lim uylangan.

Rustam aka Madiyorov, dehqon

Qishlog‘imizda qirg‘iz millatiga mansub aholi yashaydi, o‘zbeklar ham bor. Ota-bobomiz sholi yetishtirgan. Esimni tanigandan beri sholipoya ichidaman.

Erta bahor yer haydab, sholi ekamiz. Ekilgandan keyin 15 kun o‘tib begona o‘tga qarshi dori sepib, keyin o‘g‘itlaymiz. Keyin esa maydonga suvni qo‘yib yuboramiz. Har 11 kunda sotixiga 1 kgdan dori sochamiz. Boshoq chiqara boshlagach, dori yana ham ko‘proq sepiladi.

Rustam akaning turmush o‘rtog‘i

Har bir sotix yerdan 60-70 kg sholi yig‘ib olamiz. Asosan o‘zimizning jaydari guruch navidan ekamiz. Ekkan sholimiz 100-110 kunda pishadi. Hosilni yig‘ib olganimizdan keyin juvozdan chiqaramiz. Guruchning xaridori asosan Qo‘qon, Rishton, Oltiariq. Yangi pishib yetilgan guruch hozirgi kunda kilosi 20-25 ming so‘m atrofida sotilyapti, eski sholini esa 33 mingdan sotdim yaqinda, chunki yili oshgan sholi qimmat bo‘ladi.

Ob-havomiz yaxshi, So‘x daryosining suviyam zo‘r, shuning uchun shirin bo‘ladi guruchimiz ham. Bu yil 35 sotix yerimdan 78 qop sholi oldim, bir qopidan 30-35 kg guruch chiqadi. Shu 1,5-1,6 tonna atrofida guruch chiqadi umumiy. Tirikchiligimiz shu sholi ortidan bo‘ladi. Kombaynlar xizmatiga har 25 qopga bir qopdan sholi oladi. Juvozchi esa 120-140 kg chiqargan guruchidan 5 kg guruch oladi. Hamma sholini birdan olib bormaymiz, 10-15 qop olib borib chiqarib kelamiz.

Cho‘ng‘ara guruchi juda mashhur. Sotishdan avval xaridorga bir kg guruch beramiz, o‘zlari osh qilib ko‘radi, ma’qul kelsa, sotib olishadi. Asosan sholi holicha saqlaymiz uyda, kerak bo‘lganini o‘sha payt oqlab olamiz. Chunki guruch qilib oqlab qo‘ysa, mita tushib ketadi. Yetarlicha urug‘likka olib qolamiz.

Shu qishloqda tug‘ilganimdan faxrlanaman. Bahavo, tog‘ etagidagi qishloq. Dam olish maskanlari bor, butun respublikadan odamlar keladi. Dehqonchilikni qilib yuribmiz-da endi qishloqda. Oilamizda asosan qirg‘izcha gaplashamiz, lekin o‘zbekcha ta’lim olganmiz. O‘zbek bilan o‘zbekcha, qirg‘iz bilan qirg‘izcha gaplashaveramiz-da”, – deydi Rustam aka Madiyorov.

Qishloqda ikki juvoz bo‘lib, shulardan biri Rustam aka Boynazarovniki ekan. Sholini guruchga aylantirib beruvchi kichik korxonada bo‘lib tadbirkor bilan suhbatlashdik.

Rustam Boynazarov

“Qishlog‘imiz chekka hudud bo‘lsa ham, deyarli barcha sholikorlik bilan shug‘ullanadi. Guruchimiz ta’rifi butun respublikada mashhur. Guruchimiz mazasi boshqachaligi sababi So‘x daryosidan suv ichadi, juda toza, shirin suv. Bundan tashqari, havomiz ham juda toza.

O‘zim ham juvoz ishlataman. 2022 yilda Xitoy texnologiyasi bo‘yicha juvoz olib kelganmiz, 5 daqiqada 150 kg sholini qayta ishlay oladi, keyin kelida uriladi. Tayyor guruchlarni butun vodiyga tarqatamiz, barcha choyxonalar guruchni bizdan oladi. Asosan Rishton, Oltiariq, Qo‘qon, Farg‘onaga sotamiz.

Hozir yig‘im-terim bo‘lyapti, to noyabr oyining o‘rtalarigacha dehqon hosilini yig‘ishtiradi. Keyingi kuzgacha shu sholini sotib tirikchilik qilishadi”, – deydi Rustam aka Boynazarov.

Quyosh botib atrofni qorong‘ilik chulg‘ay boshladi. Sholikor dehqon Rustam aka daladagi yumushlarini tugatib ketmonini yelkasiga ortganicha uyiga qaytardi...

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Ko‘proq yangiliklar: