Piyergabriyele Papadia de Bottini Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram kanaliga yozib qoldirdi.
«Uning ishonch yorliqlari nusxalarini olganimizdan so‘ng strategik hamkorlik kun tartibidagi ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qildik», — deb yozadi TIV rahbari.
Baxtiyor Saidov Tashqi ishlar vazirligi elchini O‘zbekistondagi faoliyati davomida har doim qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
«So‘nggi yillarda Italiya va O‘zbekiston o‘rtasida mustahkam do‘stlik va hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, yaqinda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Men o‘zbekistonlik do‘stlarni, shuningdek, ushbu ajoyib mamlakatga qiziqqan italiyaliklarni barcha sohalarda aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash uchun Toshkentdagi elchixonaga murojaat qilishga taklif qilaman», — deya uning so‘zlarini keltiradi elchixonaning Instagramʼdagi sahifasi.
2020 yildan beri Italiyaning mamlakatdagi elchisi sifatida faoliyat yuritib kelgan Agostino Pinna noyabr oxirlarida faoliyatini yakunlagan edi.