«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ 7 dekabrdan Xiva shahriga «Afrosiyob» poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilishi to‘g‘risida tarqalgan xabarlarni rad etdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 7 dekabrdan Xiva shahriga yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» poyezdlari qatnay boshlagani haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. «O‘zbekiston temiryo‘llari»ning ma’lum qilishicha, ushbu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Ta’kidlanishicha, Buxoro—Urganch—Xiva temiryo‘l uchastkasini elektrlashtirish ishlarini yakunlash doirasida bitta yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» poyezdi sinovdan o‘tkazilgan.
«Ushbu bosqich yangi marshrutni sinovdan o‘tkazish va infratuzilmaning to‘liq foydalanishga tayyorligini tekshirish dasturining bir qismidir.
Biz barcha ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarini bunday turdagi ma’lumotlarni olish va tarqatishda ehtiyot bo‘lishga chaqiramiz», — deyiladi xabarda.
Buxoro va Xiva shaharlari o‘rtasida tezyurar Afrosiyob poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilishi to‘g‘risida 2021 yilda xabar berilgandi. O‘shanda Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston g‘arbidagi yirik shahar markazlarini bog‘lovchi 465 kilometrlik temiryo‘l liniyasini elektrlashtirish, temiryo‘l xizmatlarini yaxshilash hamda mintaqada savdo va turizmni rivojlantirish uchun 162 million dollarlik kredit ajratilishini ma’qullagan edi.