Suriyada vaziyat keskinlashdi. Hukumat kuchlari 8 yil avval qonli janglar natijasida qaytarib olgan Halabni uch kunda kurashsiz tashlab chiqishdi. Asadning asosiy ittifoqchilari Rossiya va Eron hozir kimgadir yordam beradigan ahvolda emas. Bu voqealarga Turkiyaning aloqasi borligi haqida gaplar ko‘paygan.
"Hay’at Tahrir ash-Shom" harakati yetakchiligidagi guruhlar Halabni qo‘lga olgach, Idlibga hujumga o‘tdi va bu shahar ham ularning nazoratiga o‘tgani aytilmoqda. Ularga hukumat kuchlari va Rossiya harbiylari havo zarbalari berib qarshilik qilyapti. Suriya mudofaa vazirligi qarshi hujumga tayyorlanayotgani haqida bayonot berdi. Bu orada Bashar Asad Moskvaga qochgani haqida xabarlar tarqaldi, lekin bu xabarlar tasdiqlanmagan.
Hozircha poytaxt Damashq xavf ostida qolishi haqida gap yo‘q, lekin Halabni uch kunda olgan kuchlar poytaxtga ham hujum qilib ko‘rishini istisno qilib bo‘lmaydi. Ular noyabr oyi oxirida boshlagan hujumlari davomida ko‘plab qurol omborlarini egallab oldi, hatto qiruvchi samolyotlar va Rossiyada ishlab chiqarilgan tanklarni ham qo‘lga kiritishgan.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov