Tesla elektromobillar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi rahbari Ilon Mask 56 milliard dollarlik kompensatsiya to‘lovi bo‘yicha kelishmovchilikda yana yuridik mag‘lubiyatga uchradi.
Sudya Ketlin Makkormik Tesla aksiyadorlari iyun oyida ushbu paketga ovoz berganiga qaramay, Mask bu pullarga haqli emasligi bo‘yicha qaror chiqardi. Tesla’da ma’lum natijalarga erishilganlik uchun tadbirkorlik bonuslari 2018 yilda o‘rnatilgan edi. Mask Tesla’dagi faoliyati uchun maosh yoki mukofot pullari olmaydi. Buning o‘rniga biznesmen kompaniya aksiyalarini bozor narxidan arzonroq qiymatda sotib oladi.
Sud qarori e’lon qilinganidan keyin Mask X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga kompaniya ovozlarini sudyalar emas, aksiyadorlar nazorat qilishi kerakligini yozib qoldirdi. «Qaror noto‘g‘ri va biz apellyatsiya beramiz», — deb yozgan Tesla ham X platformasidagi sahifasiga.
Mask va Tesla joriy hafta Delaver shtati Oliy sudiga apellyatsiya kiritishi, ammo uni ko‘rib chiqish bir yildan ortiqqa cho‘zilishi mumkin.
Yanvar oyida Delaver shtati sudi Maskka belgilangan 56 milliard dollarlik kompensatsiyani haddan ortiq va «aql bovar qilmas summa» deb atagandi. Sud hujjatlariga ko‘ra, Tesla sud aksiyadorlarning iyun oyidagi ovoz berish natijalarini qonuniy deya topishni talab qilgan.
Kompensatsiyaga qarshi da’voni Tesla aksiyadori Richard Tornetta kiritgan. U sudda Mask uchun belgilangan natijalar oson erishiladigan bo‘lganini ta’kidlab, ularni amalga oshirish uchun Mask butun vaqtini Tesla’dagi faoliyatiga sarflashiga ham to‘g‘ri kelmagan.