Mehnat migrantlari Rossiyaga faqat taklifnoma va ish beruvchining javobgarligi ostida kelishi kerak, mamlakat fuqaroligini olmoqchi bo‘lgan shaxslarga maksimal talablar qo‘yilishi kerak, dedi Rossiya fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash rahbari Valeriy Fadeyev.
«Rossiya ochiq bo‘lishi kerak, lekin migrantlarni mamlakatimizga qabul qilish va ularga pasport berish qoidalari juda qattiq bo‘lishi kerak. Bizga shaharlarimiz ichida qishloqlar tashkil qilmasdan, biz bilan yashay oladigan odamlar kerak», dedi u.
«Biz millionlab odamlarga pasport tarqatdik va hozir bizda, masalan, maktabda muammolar bor. Ma’lum bo‘lishicha, bola ruschani zo‘rg‘a biladi yoki umuman ruscha gapirmaydi, otasi zo‘rg‘a gapiradi, onasi umuman ruscha gapirmaydi. <...> Menda savol bor: bizga bunaqa Rossiya fuqarolari kerakmi? Yo‘q, bizga kerak emas!», dedi Fadeyev. Uning ishonchi komilki, bunday migrantlar hech qachon jamiyatga qo‘shilmaydi, «rasmiy ravishda emas, balki mohiyatan Rossiya fuqarosi bo‘lmaydi».
Uning fikricha, mehnat migrantlari faqat ish beruvchi orqali kelishi, ma’lum muddatga shartnoma tuzishi, shartnomaning buzilishi esa deportatsiya uchun asos bo‘lishi kerak. Bunday tizim Rossiya iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan mehnat migrantlarining aniq sonini belgilash imkonini beradi, dedi Fadeyev.
Hozircha, uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylarning hech biri Rossiya iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan mehnat migrantlari sonini aytmayapti. Unga ko‘ra, mehnat migrantlari oilasini Rossiyaga olib kelmasligi kerak.
«Nega oilalar va bolalarni bu yerga olib kelishyapti? Ularning hayotini yanada qulay qilish uchunmi? Ammo shuning uchun ko‘plab oblastlar aholisi: «Biz uchun yashash noqulayroq bo‘lib qoldi», demoqda», dedi Fadeyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda migrantlar tashkil qilgan qancha «getto va qishloqlar» borligi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Etnik anklavning paydo bo‘lishiga misol sifatida u Kaluga oblastidagi Obninskni keltirdi.
«Hozir u yerda ko‘plab migrantlar bor. Ko‘p odamlar shikoyat qiladi. Ba’zi maktab sinflarida yarmidan ko‘pi allaqachon migrantlar. Kaluga oblastida qattiq choralar ko‘rilmoqda, ba’zilariga qo‘shilmayman», dedi Fadeyev.
Fadeyev xorijliklarni iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ishlashiga ko‘plab gubernatorlar tomonidan qo‘yilgan cheklovlarni qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi.
«Endi hududlarda ular migrantlarning ayrim sohalarda ishlashini taqiqlashni boshladi: qayerdadir taksi haydovchisi, qayerdadir savdo sohasida. Nimaga asoslanib? migrant qirg‘iz yoki tojik degan asosdami? Bu zaif dalil», dedi Fadeyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, noyob kasb va malakaga ega bo‘lgan chet elliklar, hatto rus tilini bilmasa ham, Rossiyaga ishlashga taklif qilinishi kerak.