Koreyadagi harbiy holat: hozirgacha nimalar ma’lum?

Jahon 23:53 / 03.12.2024 19016

3 dekabr kuni oqshomda prezident Yun Sok Yol televideniye orqali xalqqa murojaat bilan chiqib, mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. U ushbu qarorini konstitutsiyaviy tuzumni “kommunistik kuchlar” va Shimoliy Koreya tahdididan himoya qilish zarurati bilan izohladi.

Nafaqat Shimoliy Koreya, balki ichkaridagi “davlatga qarshi unsurlar”dan ham tahdidlar bor va ularni yo‘q qilish kerak, dedi prezident o‘z murojaatida. Yun Sok Yol muxolifatni hukumatdagi eng asosiy amaldorlarga impichment e’lon qilishga urinish orqali davlat faoliyatini falajlab qo‘yishda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi hukumat ish boshlaganidan beri Milliy Assambleya 22 nafar mansabdor, jumladan bir necha prokuror, ichki ishlar vaziri va mudofaa vaziriga impichment e’lon qilish bilan tahdid qilgan.

“Bu ochiq-oydin davlatga qarshi harakat bo‘lib, erkin Koreya Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini buzadi, Konstitutsiya va qonunlar bilan o‘rnatilgan davlat institutlarini yo‘q qiladi, oqibatda fuqarolar urushi xavfi yuzaga keladi”, – dedi Yun Sok Yol.

“Milliy Assambleyamiz jinoiy guruhlar uyasiga aylanib, mamlakatning sud-ma’muriy tizimini falaj qilib qo‘yishga, qonunchilik diktaturasi orqali liberal demokratiya tizimini ag‘darishga urinmoqda”, – dedi Koreya prezidenti.

Foto: AP
Foto: Chang W. Lee/The New York Times

Shu tariqa, parlamentga qarshi ayblovlar bilan e’lon qilingan harbiy holat mamlakatning so‘nggi 44 yillik tarixidagi birinchisi bo‘ldi. Yun Sok Yol armiya generali Pan An Suni harbiy komendant etib tayinladi va mamlakatda qator taqiqlar e’lon qilindi. Xususan, harbiy holat vaqtida har qanday siyosiy faoliyatni amalga oshirish, siyosiy uyushmalar, miting va namoyishlar o‘tkazish taqiqlandi, Milliy Assambleya, mahalliy kengashlar va siyosiy partiyalar faoliyati man etildi.

Ko‘p o‘tmay poytaxt Seul ko‘chalarida harbiy texnikalar paydo bo‘ldi, shahar osmonida vertolyotlar ucha boshladi. Mamlakat mudofaa vazirligi asosiy qo‘mondonlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazishini e’lon qildi, moliya vaziri ham markaziy bank va boshqa mas’ullar ishtirokida favqulodda yig‘ilish bo‘lib o‘tishini e’lon qildi.

Foto: Kim Hong-Ji/Reuters

Bu vaqtda politsiya parlament binosini o‘rab oldi. Milliy Assambleya oldida odamlar to‘plana boshladi. Ko‘p o‘tmay yig‘ilganlar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar ham sodir bo‘ldi.

Politsiyachilar namoyishchilar parlament binosi hududiga kirishiga yo‘l qo‘ymadi. 2024 yil 4 dekabr
Yonhap / Reuters / Scanpix / LETA
Voqea joyidan olingan kadrlarga ko‘ra, parlament atrofida namoyishchilar va harbiylar o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y bergan

Prezidentning harbiy holat e’lon qilishini na muxolifatdagi Demokratik partiya, va na prezidentning o‘zi ham mansub bo‘lgan hukmron “Xalq qudrati” partiyasi ma’qullagani yo‘q. Muxolifat prezidentning qarorini konstitutsiyaga zid deb atadi, hukmron partiya ham bu qaror noto‘g‘riligini ta’kidlab, uni bloklashga va’da berdi. Parlamentdagi siyosiy yetakchilarning chorlovi bilan, deputatlar shoshilinch ravishda yetarlicha kvorumni to‘plagan holda sessiya o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi.

Xalqaro agentliklarning xabar berishicha, Milliy Assambleyani o‘rab olgan xavfsizlik kuchlari binoga deputatlarning kirishiga to‘sqinlik qilmagan. Shu bilan birga, kuchishlatar tuzilmalar vakillari parlament binosiga ham kirgani, lekin ularning asosiy zalga kirishiga deputatlar to‘sqinlik qilgani aytilmoqda.

Harbiylar parlament binosiga kirishga urinmoqda...
...bu vaqtda ichkaridagi deputatlar barrikadalar o‘rnatishgan

Shu tariqa, bir palatadan iborat Milliy Assambleyaning 300 deputatidan 190 nafari favqulodda sessiyaga yig‘ilgan va ularning barchasi harbiy holatni bekor qilishni yoqlab ovoz bergan. Shundan keyin xavfsizlik kuchlari parlament binosini tark etgan, ammo atrofdagi harbiy navbatchilik davom ettirilgan.

Foto: Kim Hong-Ji/Reuters

Koreya prezidentlik respublikasi hisoblanishi bois, parlamentdagi ovoz berish jarayonidan keyin harbiy holat bekor qilinadimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum.

Janubiy Koreya parlamenti harbiy holatni bekor qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilganidan keyin harbiylar ketishmoqda. Seul, 2024 yil 4 dekabr
Yonhap / Reuters / Scanpix / LETA

Ma’lumot uchun, shu yil bahorda bo‘lib o‘tgan saylovlarda Janubiy Koreya Milliy assambleyasidagi 300 ta o‘rindan 192 tasini Demokratik partiya qo‘lga kiritgan edi. Prezident Yun Sok Yolning “Xalq qudrati” partiyasi so‘zsiz mag‘lubiyatga uchraganidan (108 o‘rin) keyin bu partiyaning yetakchisi va mamlakat bosh vaziri iste’foga chiqqan.

Saylovdan keyin prezident va parlament o‘rtasida o‘tkir ziddiyatlar ro‘y bera boshlagan. Demokratik partiya amaldagi prezidentni keskin tanqid qilib kelgan, o‘z navbatida davlat rahbari parlamentni ijobiy tashabbuslarga to‘siq bo‘lib kelayotganlikda ayblagan. Shu taxlit, bir necha oy davomida prezident o‘ziga kerakli qonunlarning qabul qilinishiga erisha olmasdan, parlament kiritgan qonunlarga veto qo‘yib kelgan. Lekin qonunchilikka ko‘ra, prezident davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga veto qo‘ya olmaydi.

Shu hafta Demokratik partiya nazoratidagi Milliy Assambleya hukumat va prezidentning partiyasi taklif etgan budjetni keskin qisqartirib tashladi. Bu esa prezidentning harbiy holat joriy etish qaroriga kelishida so‘nggi omil bo‘lib xizmat qilgan bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, prezident Yun Sok Yol o‘tgan yili rafiqasi bilan bog‘liq korrupsion mojaro markazida qolgandi. Uning xotini Kim Kon Xi jamoatchilik oldida Dior brendi ostidagi qimmatbaho sumka bilan ko‘rinish bergan, sumkani sovg‘a sifatida olganini aytganiga qaramay, bu bilan turmush o‘rtog‘ining reytingi tushishiga sababchi bo‘lgandi, chunki Koreya qonunchiligida siyosatchilar va ularning turmush o‘rtog‘iga qimmatbaho sovg‘alar olish taqiqlangan. O‘shanda prezident rafiqasi uchun uzr so‘rashiga to‘g‘ri kelgandi.

Janubiy Koreya tarixida oxirgi bor harbiy holat 1979 yilda joriy etilgandi — o‘sha vaqtdagi diktator Pak Chon Xi o‘ldirilganidan keyin. 2024 yilgi harbiy holat fonida Koreya voni kursi 2016 yilgi minimumga qadar pasaydi — milliy valuta kursi 2,5 foizga qulab, bir dollar 1,442 vonni tashkil etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: