Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy etdi. Respublika prezidenti bu haqda mahalliy vaqt bilan 3 dekabr kuni efirga uzatilgan telemurojaati chog‘ida e’lon qilgan.
«Men erkin Koreya Respublikasini shimoliy koreyalik kommunistik kuchlar tahdididan himoya qilish, xalqimiz erkinligi va baxtini o‘g‘irlayotgan jirkanch Shimoliy Koreya tarafdori bo‘lgan davlatga qarshi kuchlarni tag-tomiri bilan yo‘q qilish va erkin konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish maqsadida harbiy holat e’lon qilaman», — degan Yun Sok Yol.
Prezident muxolifat partiyalari mamlakatni inqirozga uchratishga urinayotgani uchun shunday choraga qo‘l urganini aytgan.
Yonsandagi prezident ofisida o‘tkazilgan favqulodda brifingda Yun Sok Yol mamlakat parlamenti hukumat amaldorlariga qarshi ko‘plab impichment jarayonlarini qo‘zg‘atgani, bu esa davlat tizimi faoliyatini izdan chiqarganini aytgan.
U muxolifat Demokratik partiyani mamlakat demokratik tuzilmasi asoslariga putur yetkazishda, xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan hukumat budjetlarini bloklab qo‘yishda, shuningdek, sud va ijroiya hokimiyatlarini falajlashda aybladi.
Yun Sok Yolning ta’kidlashicha, vaziyat Janubiy Koreya barqarorligiga tahdid uyg‘otadigan kritik nuqtaga yetgan. O‘z chiqishi davomida u harbiy holat e’lon qilinishidan maqsad konstitutsiyaviy tartibni qayta tiklash, davlatga qarshi kuchlarni bartaraf etish va mamlakat xavfsizligini ta’minlash ekanini bildirdi.
Prezident harbiy holat vaqtida tinch aholi hayotiga putur yetkazmaslik uchun bor sa’y-harakatlar ko‘rilishiga va’da berdi va bu harakatlar kelajak avlodlar himoyasi uchun zarurligini qayd etdi. Ammo harbiy holat doirasida aynan qanday choralar ko‘rilishiga aniqlik kiritmagan.
Muxolifatdagi Demokratik ishchi partiyasi rahbari Li Je Myon harbiy holat e’lon qilinishi konstitutsiyaga xilof ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, prezident a’zosi bo‘lgan Xalq hokimiyati partiyasi rahbari Xon Don Xun ham bu chorani «noto‘g‘ri» deb atab, uni bloklashga va’da bergan.
Janubiy Koreyada harbiy holat 1980 yildan buyon ilk bor e’lon qilindi.
OAV xabariga ko‘ra, harbiylar Janubiy Koreya parlamentiga kirishni to‘sib qo‘yishgan. Poytaxt Seul ko‘chalariga zirhli transportyorlar olib kirilgan.
Armiya generali Pak An Su harbiy komendant etib tayinlangan. U darhol qator taqiqlar joriy etgan:
- Siyosiy faoliyat yuritish, siyosiy uyushmalar, miting va namoyishlar taqiqlanadi;
- Milliy majlis, mahalliy kengashlar va siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlanadi;
- OAV va nashrlar harbiy holat qo‘mondoni nazoratida bo‘ladi;
- Barcha tibbiyot xodimlari, jumladan ordinatorlar, 48 soat ichida ish joyiga qaytishi kerak;
- Harbiy holat to‘g‘risidagi farmonni buzgan shaxslar ordersiz hibsga olinishi mumkin.
Noyabr oyi oxirida parlamentda ko‘pchilikni tashkil etuvchi, muxolifatdagi Janubiy Koreya Demokratik ishchi partiyasi hukumatning budjet bo‘yicha taklifini qaytarib, davlat auditori va bosh prokuroriga impichment e’lon qilishga qaror qilgandi.
Janubiy Koreya prezidenti umummilliy saylovlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berish orqali besh yil muddatga saylanadi va unda qayta saylanish huquqi bo‘lmaydi. Prezident hukumatga rahbarlik qiladi va Janubiy Koreya qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni hisoblanadi. Yun Sok Yol 2022 yil 10 may kuni prezident bo‘lgandi.