Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari ogohlikka chaqirildi

Jahon 21:55 / 03.12.2024 5535

Janubiy Koreya prezidenti mamlakatda harbiy holat joriy etgani to‘g‘risida xabar berilgandi. O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi ushbu mamlakatda bo‘lib turgan vatandoshlarga murojaat bilan chiqdi.

«Bugungi kunda mamlakatda yuzaga kelayotgan ichki siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda, barchangizni Janubiy Koreyada turli xil mitinglar va namoyishlarda ishtirok etmaslikka, odamlar gavjum joylarga bormaslikka, o‘zingizning shaxsiy xavfsizligingiz va sog‘ligingizni ehtiyot qilishga chaqirib qolamiz», — deyiladi xabarda.

Zarurat bo‘lgan holatda quyidagi telefon raqamga murojaat qilish so‘raladi:

  • +82 10 3213 4505
  • +82 10 2909 4334

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy etdi. Respublika prezidenti bu haqda mahalliy vaqt bilan 3 dekabr kuni efirga uzatilgan telemurojaati chog‘ida e’lon qildi. Muxolifatdagi Demokratik ishchi partiyasi rahbari Li Je Myon harbiy holat e’lon qilinishi konstitutsiyaga xilof ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, prezident a’zosi bo‘lgan Xalq hokimiyati partiyasi rahbari Xon Don Xun ham bu chorani «noto‘g‘ri» deb atab, uni bloklashga va’da bergan.

Janubiy Koreyada harbiy holat 1980 yildan buyon ilk bor e’lon qilindi. OAV xabariga ko‘ra, harbiylar Janubiy Koreya parlamentiga kirishni to‘sib qo‘yishgan. Poytaxt Seul ko‘chalariga zirhli transportyorlar olib kirilgan. Armiya generali Pak An Su harbiy komendant etib tayinlangan. 

Ko‘proq yangiliklar: