Farg‘onada 1 ming 210 gektarda sanoat zonalari tashkil etilishi mumkin

O‘zbekiston 19:15 / 03.12.2024 2758

Yig‘ilishda prezident viloyatning investitsiya, ish o‘rni tashkil qilish va eksportni ko‘paytirish imkoniyatlaridan ayrimlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Yaqinda “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi Quvasoy shahri hisobidan 210 gektarga kengaytirildi. Bu hududda umumiy qiymati 1 milliard dollarlik 185 ta loyihani joylashtirib, qariyb 12 mingta ish o‘rni yaratish mumkin. Shuningdek, Qo‘qonda 71 gektarda texnopark tashkil etilishi birinchi bosqichda 900 million dollarlik, 5 ming ishchilik korxonalarga yo‘l ochadi.

Xitoylik ishbilarmonlar bilan 1 milliard dollarlik, Janubiy Koreya bilan 240 million dollarlik investitsiyaviy kelishuvlarga erishilgan. Ularni amalga oshirish uchun viloyat tuman va shaharlarida 1 ming 210 gektarda sanoat zonalari tashkil qilishga zarurat bor. Bo‘lajak korxonalarda 30 ming kishi, jumladan, kambag‘al oila vakillari ish bilan ta’minlanadi.

Beshariq tumanida savdo-logistika markazi qurilishi boshlangan. U, xuddi Termizdagidek, erkin savdo zonasiga aylantirilib, do‘konlar tadbirkorlarga ijaraga beriladi. Buning samarasida viloyat eksporti qo‘shimcha 50 million dollarga, ish o‘rinlari esa 2 mingga ko‘payadi. Shunday majmuani Quvasoy shahrida ham barpo etish mumkin.

Qishloq xo‘jaligida ham katta imkoniyatlar bor. Farg‘onada aholi ixtiyorida, yo‘l va dala chetlarida, suv va o‘rmon fondida jami 91 ming gektar yer mavjud. Ulardan unumli foydalanib, mahsulotlarni hamda qayta ishlashni ko‘paytirish zarur.

Masalan, Farg‘ona tumanidagi 15 ta mahallada yiliga 6 ming tonna malina yetishtiriladi. Ularga yaqin hududdan yer berilsa, tadbirkor malinani saqlash, qayta ishlash va qadoqlashni yo‘lga qo‘yib, qo‘shilgan qiymatni 2,5 karra oshirish taklifini bildirgan. Boshqa bir tashabbuskor So‘xdagi o‘rmon yerini ijaraga olib, 800 gektarda kavrak, 50 gektarda za’faron yetishtirmoqchi.

Oltiariqdagi ikkita nasos stansiyasiga 9 kilometr quvur tortib, quvvatini oshirish orqali 1 ming 400 gektarda intensiv bog‘ qilsa bo‘ladi. Unda qo‘shimcha 55 ming tonna eksportbop meva yetishtiriladi.

Yig‘ilishda Farg‘ona viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi. Xususan, kelgusi yilda 3,7 milliard dollar investitsiya olib kelish, eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallangan. 500 ming fuqaroning bandligini ta’minlash, 22 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifa qilib olingan.

Davlat rahbari bu takliflarni takomillashtirib, viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha qaror tayyorlashga ko‘rsatma berdi. Eksportchilarga barcha qulayliklarni yaratish, bandlikka ko‘maklashib, ishsizlikni kamaytirish zarurligi ta’kidlandi. Hokimlar va boshqa mutasaddilarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish shartligi belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: