Abxaziya parlamenti Rossiya bilan investitsiya kelishuvini ma’qullamadi

Jahon 18:11 / 03.12.2024 1989

Gurjiston tarkibiga kiruvchi va o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Abxaziya Respublikasi parlamenti Rossiya bilan investitsiya faoliyatiga oid kelishuvni ratifikatsiya qilishni rad etdi, deb xabar berdi «ApsnyPress».

Hujjat Abxaziyada Rossiya investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni tartibga solishni, shuningdek tomonlarning huquq va majburiyatlarini hamda investorlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini belgilashni nazarda tutar edi. Shartnoma 2024 yil 30 oktyabrda Moskva shahrida imzolangan.

2024 yil noyabr oyi o‘rtalarida Abxaziya poytaxti Suxumda norozilik namoyishlari boshlandi, uning ishtirokchilari Rossiya bilan kelishuvga qarshi chiqish uchun Xalq Assambleyasiga yig‘ilishdi. Ushbu hujjatga ko‘ra, rossiyalik sarmoyadorlarga sezilarli soliq imtiyozlari taqdim etilgan, bu esa muxolifat fikricha, Abxaziyaning iqtisodiy mustaqilligiga tahdid solgan. Namoyishchilar hukumat majmuasi panjarasini qisman buzib, parlament va prezident ma’muriyati binolariga bostirib kirishdi.

19 noyabr kuni muxolifat bilan uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng Abxaziya prezidenti Aslan Bjaniya va bosh vazir Aleksandr Ankvab iste’foga chiqdi. Vitse-prezident Badra Gunba vaqtinchalik prezident, parlamentning sobiq spikeri Valeriy Bganba esa bosh vazir lavozimini egalladi. Bu holat yangi saylangan prezident o‘z lavozimiga kirishguncha davom etadi. Saylov 2025 yil 15 fevralga belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: