Ko‘p qavatli turar joy qurilishi uchun odamlardan pul olib, uyni o‘z vaqtida bitirib bermagan quruvchi-tadbirkorlarga qanday chora ko‘riladi?
Kun.uz muxbiri ushbu savol bilan 2 dekabr kuni AOKAdagi matbuot anjumanida qatnashgan Qurilish vazirligi vakillariga murojaat qildi.
Vazirlikning arxitektura va shaharsozlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Xudoyqulovning aytishicha, bu borada soliq organlari bilan yechim ishlab chiqilgan.
“Kechiktirish[ga kelsak], avvallari xususiy tadbirkorlarimiz o‘zlarining imkoniyatlaridan kelib chiqib, har xil muddatda [qurilishni bitirishi] taqozo qilardi. Obekt [qurilishi] boshlanib, 10 yilgacha yotganlari bo‘lar edi. Hozir bu narsa soliq organlari bilan birga integratsiya qilinib, bog‘lab qo‘yildi. Shaharsozlik kodeksi, umuman qonun bo‘yicha [uy-joyning qurilishi] 2 yil deb belgilangan.
O‘zlari [quruvchilar] o‘sha obektni ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyin, tarmoq jadvali qilishadi, obektni bitirishgacha bo‘lgan muddatini belgilab berishadi. Agar o‘sha muddatdan kechikadigan bo‘lsa, ularga [quruvchilarga] to‘g‘ridan to‘g‘ri soliq organlari tomonidan jarima, penyalar qo‘yilib, katta-katta jarimalarga olib keladi.
Aholi orasida ko‘p xonadonli uy-joylariga to‘lov qilayotganlar mavjud, necha yildan beri bu uylar bitmaydi, quruvchisi yo‘q. Shuning uchun soliq organlari bilan mana shu mexanizm tatbiq etildi va bu narsa o‘ziga yarasha ancha samarasini beryapti”, – dedi u.
Xudoyqulovning qayd etishicha, yangi amaliyot “yaqindan boshlab” tatbiq etilishni boshlagan. Tadbirkor qurilishni kechiktirgan taqdirda “katta jarima” to‘lashi lozimligi, bu summa obektning qiymatidan kelib chiqib hisoblanishi aytildi.
Ammo mas’ul bu jarima summalari qancha ekani va kalkulyatsiyasi qanday bo‘lishi haqidagi savolga javob berolmasligini, bunday ma’lumot Soliq qo‘mitasida bo‘lishini bildirdi.