O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Suriyadagi vaziyat
Suriyada hukumatga qarshi kuchlar muhim strategik obektlarni egalladi.
Suriya milliy armiyasi Halab yaqinida joylashgan Kuvayris harbiy aerodromini Asad rejimi va kurd ayirmachilarining PKK/YPG terrorchilaridan ozod qildi. Qochib ketganlar yirik qurollar, jumladan, Rossiyada ishlab chiqarilgan «Pansir», «Shilka» kabi havo hujumidan himoya tizimlari, «Uragan» raketa tizimlari, L-39 samolyoti va Mi vertolyotini qoldirib ketishgan.
Asad rejimiga muxolif hisoblanadigan Suriya milliy armiyasi «Ozodlik tajallisi» operatsiyasi doirasida Tel-Rif’at shahrida kuchlari markaziy maydongacha yetib bordi va shahar atrofida terrorchilarga qarshi janglarni davom ettirmoqda. Hududda terrorchilar tomonidan o‘rnatilgan ko‘plab minalar ham topilgan.
Suriya milliy armiyasi Tel Rifat shahri va unga yaqin Minag‘ harbiy aerodromini terrorchi guruhlardan ozod qildi. Bu operatsiyalar davomida Suriya milliy armiyasi kuchlari bir qator strategik obektlarni o‘z nazoratiga oldi.
Minag‘ aerodromi, Turkiya chegarasidan 13 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, 2016 yilda RKK/YPG terrorchi kurd ayirmachilari tomonidan egallangan edi. Aerodrom strategik ahamiyatga ega bo‘lib, u Rossiya va Eron tomonidan ham shtab sifatida foydalanilgan. Terrorchi tashkilot ushbu aerodromdan «Furot qalqoni» va «Zaytun shoxi» operatsiyalari hududlariga hujumlar uyushtirgan.
Suriya milliy armiyasi Tel-Rif’at shahri va uning atrofidagi bir qator qishloqlarni terrorchilardan ozod qildi.
SMA kuchlari Tel-Rif’at shahri markazini ham nazoratga olib, terrorchilar tomonidan hujumlar uchun foydalanilgan Shayla, Radar Shayla va Nayribiya qishloqlarini ham tozalashdi. 1 dekabr kuni SMA 24 ta qishloq va Tel-Rif’at tuman markazini PKK/YPG terrorchilaridan ozod qildi.
Ayni paytda, SMA terrorchilarning Tel-Rif’atdagi qoldiqlariga qarshi janglarni davom ettirmoqda.
Bu orada, Rossiya harbiy havo kuchlari Halab markazidagi Sa’dulla al-Jobiriy maydoniga havodan zarba bergan. Hujumda 9 kishi halok bo‘lgani, jumladan, universitet shifoxonasiga ham zarar yetgani xabar qilindi.
So‘nggi kunlarda Asad rejimiga qarshi qurolli guruhlar Halab va Idlibda 70 dan ortiq aholi punktlarini qo‘lga kiritdi va Xon Shayxun tumani bilan birga butun Idlib viloyatini nazoratga oldi.
Ukrainaga Yevropadan yordam
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qo‘shimcha 4,2 milliard yevro miqdorida budjet yordami ajratadi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi kengashi raisi Antoniu Koshta Kiyevga ilk tashrifi davomida ma’lum qildi.
«Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi lozim», deya ta’kidlagan Koshta Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida. U Rossiyaning Ukrainaning fuqarolik va energetika infratuzilmasiga hujumlarini «insoniyatga qarshi harakatlar» deb atadi.
Yevropa Ittifoqi bu yil Ukrainaga qo‘shimcha 4,2 milliard yevro ajratadi va kelgusi yildan boshlab har oy 1,5 milliard yevrodan moliyalashtirishni rejalashtirmoqda. Bu mablag‘lar Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan daromadlar hisobiga yo‘naltiriladi.
Koshta, shuningdek, Rossiyaga qarshi yangi — 15-yillik sanksiyalar paketi tayyorlanayotganini va Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini kutishini ma’lum qildi.
Zelenskiy Baydendan yordam so‘radi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Jo Bayden ma’muriyatiga murojaat qilib, NATOga a’zo bo‘lish yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlashda yordam berishni so‘radi. Kiyev bu hafta Bryusselda o‘tadigan uchrashuvda NATOdan rasmiy taklif kutishini bildirdi.
Zelenskiy AQShda ma’muriyat almashuvi ortidan Rossiyaga qarshi urushda Ukraina manfaatlarini kuchaytirishga intilayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Ukraina faqat butun hududi qamrab olingan holda NATOga a’zo bo‘lishi mumkin.
Rossiya va Ukraina ikki tomonlama muzokaralarning ehtimoliy rivojini kuzatmoqda, chunki har ikki tomon ham harbiy va diplomatik pozitsiyalarni kuchaytirishga harakat qilmoqda. Rossiya Donbassda yangi hududlarni egallayotgan bir paytda, Ukraina NATO a’zoligi orqali xavfsizlik kafolatlarini qo‘lga kiritishni maqsad qilmoqda.
Ukrainaga yadroviy qurol berilmaydi
AQSh Ukrainaga yadroviy qurol qaytarishni rejalashtirmayapti. Bu haqda Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ABC telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Biz bu masalani ko‘rib chiqmayapmiz. Biz Ukrainaga o‘zini himoya qilish va Rossiyaga qarshi kurashish uchun turli ko‘nikmalarni rivojlantirishda yordam beryapmiz, ammo yadroviy qudrat yaratishda emas», — degan Sallivan.
Uning ta’kidlashicha, bu bayonot The New York Times gazetasining noyabr oyida chiqqan maqolasiga javob sifatida aytilgan. Maqolada prezident Jo Bayden o‘z lavozimidan ketgunga qadar Ukrainaga qurol berishni rejalashtirgani haqida ma’lumot berilgandi.
Shuningdek, Sallivan Kiyevning Rossiyaga hududiy yon berish yoki boshqa masalalar bo‘yicha qanday yondoshuv tanlashi to‘g‘risidagi qarorlarini o‘zi mustaqil hal qilishi lozimligini ta’kidlagan.
Gurjistondagi namoyishlar
Gurjistonda vaziyat keskinlashmoqda. Prezident Salome Zurabishvili o‘z lavozimini tark etmasligini ma’lum qildi va yangi parlament saylovlarini o‘tkazishni talab qildi. U noqonuniy parlamentning yangi prezidentni saylashga haqqi yo‘qligini ta’kidladi.
Oktyabr oyidagi parlament saylovlarida «Gurjiston orzusi» partiyasi ko‘pchilik ovoz bilan g‘alaba qozondi. Biroq muxolifat va xalqaro kuzatuvchilar saylov jarayonida qonunbuzarliklar va ma’muriy resurslarni suiiste’mol qilish holatlarini qayd etgan.
Shuningdek, Gurjiston hukumati Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini 2028 yilgacha to‘xtatib qo‘ydi va Yevroittifoqning budjet grantlaridan voz kechdi. Bu qaror mamlakatdagi norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Tbilisi va boshqa shaharlarda namoyishlar kuchayib, politsiya namoyishchilarga nisbatan kuch ishlatdi.
Yevropa parlamenti Gurjistondagi saylovlarning natijalarini tan olmadi va yangi saylovlar o‘tkazishni talab qildi. Shuningdek, Gurjiston bosh vaziriga nisbatan sanksiya kiritishni tavsiya etdi.
Trampning BRIKSga tahdidi
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp BRIKS guruhi mamlakatlariga qarshi keskin bayonot bilan chiqdi. Agar BRIKS o‘z dollarga muqobil yagona valutasini yaratishga harakat qilsa, u AQSh mazkur davlatlarga 100 foizlik tariflar joriy etishini aytdi.
Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida: «Biz BRIKS mamlakatlaridan dollarni almashtiradigan har qanday valuta yaratmaslik majburiyatini talab qilamiz. Agar shunday qilmasalar, Amerika bozori ular uchun yopiladi», — deb yozdi.
U BRIKSning xalqaro savdoda dollarni almashtirish ehtimolini keskin rad etdi va bu harakatlarni «noqonuniy va Amerikaning iqtisodiy manfaatlariga zid», deb atadi.
Shu bilan birga, BRIKSning yagona valuta yaratish g‘oyasi hozircha amalga oshishdan yiroq ekani qayd etilmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham oktyabr oyida guruh hali bunday qadamga tayyor emasligini aytgan edi. Rossiya esa yagona valuta o‘rniga milliy valutalarda savdo qilishni va SWIFT tizimiga muqobil elektron to‘lov tizimi yaratishni taklif qilmoqda.
Yana Suxoy Superjyet buzildi
Rossiyaning «Azimut» aviakompaniyasiga tegishli Sukhoi Superjet 100 uchog‘i 1 dekabr kuni Mineralniye Vodi shahri aeroportiga majburiy ravishda qo‘ndi. Parvoz avvalida yoqilg‘i filtri nosozligini ko‘rsatuvchi datchik ishlab ketgani uchun uchuvchi ortga qaytishga qaror qilgan. Ekipaj va yo‘lovchilar jarohatlanmagan.
Bu «Azimut» aviakompaniyasi Superjet 100 uchoqlari bilan bir hafta ichida sodir bo‘lgan uchinchi hodisa. 24 noyabr kuni bir uchoq Krasnoyarskda gidravlika muammosi sababli majburiy qo‘ngan edi. Shuningdek, 25 noyabr kuni Turkiyaning Antalya shahri aeroportida uchoq dvigatelining yongani sababli yo‘lovchilar evakuatsiya qilingan.
Hozirgi paytda Superjet 100 uchoqlari Fransiyadan keluvchi dvigatel qismlari ta’minoti to‘xtagani sababli texnik xizmat ko‘rsatishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Rossiya to‘liq import o‘rnini bosuvchi dvigatellar yaratishni boshlagan, ammo ularning sertifikatlashtirilishi hali yakunlanmagan. Yangi dvigatellarni 2025 yildan ishlatish rejalashtirilgan.