Islandiyada 30 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari parlament saylovlarida muxolifatdagi Sotsial-demokratik alyans eng ko‘p ovoz to‘pladi. Barcha byulletenlar sanab bo‘lingandan so‘ng, partiya 20,8 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda, deb xabar berdi Islandiya milliy radiosi (RUV) 1 dekabr, yakshanba kuni. Bu Kristrun Frostadottir boshchiligidagi sotsial-demokratlar Islandiya parlamentidagi (Alting) 63 o‘rindan 15 tasini qo‘lga kiritganini anglatadi.
«Men qilgan ishimizdan juda faxrlanaman. Biz odamlar siyosiy manzarada o‘zgarishlarni xohlayotganini ko‘rib turibmiz», dedi Frostadottir AFP'ga.
Bu saylovlar natijalariga ko‘ra, 2021 yilgi parlament saylovlari natijalariga nisbatan sotsial-demokratlarni qo‘llab-quvvatlash ikki baravar ko‘paygan – o‘shanda partiya atigi 9,9 foiz ovoz olgan.
Islandiya bosh vaziri Byarni Benediksson boshchiligidagi konservativ Mustaqillik partiyasi saylovlarda 19,4 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Bu partiyaning butun tarixidagi eng yomon natija, deya qayd etadi AFP. Uchinchi natijani 15,8 foiz ovoz bilan «Tiklanish» liberal partiyasi ko‘rsatdi.
Islandiyada hukmron koalitsiya olti oy ishladi
Bosh vazir Byarni Benedikssonning Mustaqillik partiyasi, «So‘l-yashillar harakati» va Progressiv partiyadan tashkil topgan uch partiyali koalitsiya 2024 yil aprelida tuzilgan, olti oy ishlagan va oktyabr oyi o‘rtalarida parchalanib ketgan. Bunga, xususan, migratsiya, energetika va tashqi siyosat masalalari bo‘yicha kelishmovchilik sabab bo‘ldi.
Shu bilan birga, Islandiyadagi saylovchilarning 60 foizi uchun erta saylovlardagi hal qiluvchi masalalarga sog‘liqni saqlash, inflatsiya va uy-joy sotib olish imkoniyati aylandi, deb ta’kidlaydi AFP.
Tahlilchilarga ko‘ra, bo‘lajak hukumat yana faqat uch-to‘rt partiya bilan qayta tuziladi.