Latviya, Litva va Estoniya Gurjistondagi muxolifat aksiyasini kuch bilan tarqatishga aloqadorlarga sanksiya joriy etadi. Bu haqda Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxkna o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga yozib qoldirdi.
«Demokratiyaga qarshilar va inson huquqlarini buzuvchilarga bizning davlatlarimizda joy yo‘q», — deb yozadi Tsaxkna. Shuningdek, u Boltiqbo‘yi davlatlari sanksiyalar joriy etish bo‘yicha qarorni birgalikda qabul qilganliklarini qo‘shimcha qilgan.
Gurjistonda mamlakat hukumati Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatib qo‘yganidan keyin norozilik namoyishlari boshlangan. Namoyishchilar ketma-ket bir necha kundan beri Tbilisi markazidagi parlament binosi yaqiniga to‘planmoqda, shuningdek, mamlakatning boshqa shaharlarida ham norozilik aksiyalari o‘tkazilyapti. Politsiya namoyish ishtirokchilarini «vodomyot» va ko‘zni yoshlantiruvchi gazlar bilan quvib solmoqda, bir necha kishi qo‘lgan olingan.
Namoyishchilarni Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili qo‘llab-quvvatladi. 30 noyabr kuni u mamlakatdagi «yagona mustaqil, qonuniy institut» bo‘lib qolishini va muddati tugashiga qaramay, o‘z lavozimini tark etmasligini ma’lum qildi.
Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze esa o‘z navbatida, norozilik namoyishlarini «mamlakat konstitutsiyaviy tuzumiga hujum» deb atab, uni tashkillashtirishda yevropalik siyosatchilar hamda «beshinchi kolonna»ni aybladi.
1 dekabr kuni namoyishlar fonida AQSh Gurjiston bilan strategik sherikligini to‘xtatishini e’lon qildi.