Transport shovqini stress va bezovtalikni kuchaytiradi - tadqiqot

Fan-texnika 17:35 661

Inson faoliyati natijasida paydo bo‘ladigan shovqinlar, ayniqsa, avtomobil harakati tovushlari stress va xavotirdan aziyat chekadigan kishilarni tabiat ovozining ijobiy ta’siridan mahrum qilishi mumkin. G‘arbiy Angliya universiteti olimi Pol Lintott va uning Buyuk Britaniya ko‘rshapalaklar muhofazasi jamg‘armasidagi hamkasbi Lia Gilmor shunday xulosaga keldi.

Ma’lumki, tabiatdagi ovozlar, xususan, qushlarning sayrashi inson salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ular qon bosimini pasaytirish, yurak urishi va nafas olish tezligini kamaytirish, shuningdek stress va xavotir darajasini tushirishga yordam beradi. Ayni paytda, inson faoliyati tufayli kelib chiqadigan shovqinlar, masalan, yo‘l yoki aviatsiya shovqini, odamlarning umumiy ahvoli va salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, aks natija beradi.

Yangi tadqiqot doirasida 68 nafar ko‘ngilli talaba uch xil uch daqiqalik ovoz parchalarini tingladi: G‘arbiy Sasseksda (Buyuk Britaniya) tong pallasida yozib olingan tabiat tovushlari; xuddi shu yozuvga 32 kilometr/soat tezlikdagi transport shovqini qo‘shilgan ikkinchi variant; 64 kilometr/soat tezlikdagi transport shovqini qo‘shilgan uchinchi variant. Tajriba ishtirokchilari audiolarni tinglashdan oldin va keyin o‘z kayfiyati hamda xavotir darajasini baholadi.

Natijalardan ma’lum bo‘lishicha, tabiat ovozlarini tinglash stress va xavotirlanish darajasini pasaytirishi, shuningdek, stressli vaziyatdan so‘ng kayfiyatni tiklashga yordam berishi mumkin. Ammo yo‘l harakati shovqinlari qo‘shilganda, ijobiy ta’sir ancha pasaygan. Stress va xavotirlar eng ko‘p kamaygan holat sof tabiat ovozlaridan iborat audio tinglangandan so‘ng kuzatildi. Xavotirlanish darajasi esa soatiga 64 kilometr tezlikdagi yo‘l harakati shovqinini o‘z ichiga olgan parcha tinglagandan keyin cho‘qqiga chiqdi.

“Tadqiqotimiz tabiat tovushlarini tinglash stress va tashvishni kamaytirishini ko‘rsatdi, biroq antropogen shovqinlar bu ijobiy ta’sirni yo‘qqa chiqarishi mumkin. Shaharlarda transport harakati tezligini pasaytirish tabiat odamlarning salomatligi va farovonligiga foydali ta’sir ko‘rsatishini his qilish uchun muhim qadam”, — deb ta’kidladi tadqiqot mualliflari.

Ko‘proq yangiliklar: