2024 yil 1 dekabrdan boshlab chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Rossiya davlat chegarasini kesib o‘tishda biometrik shaxsiy ma’lumotlarini eksperimental ravishda taqdim etishi shart, deb xabar berdi Rossiya Transport vazirligi.
Eksperimentda Rossiya Ichki ishlar vazirligi, Raqamli rivojlanish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi, FXX, Federal Soliq xizmati, Federal havo transporti agentligi va Moskva hukumati ishtirok etmoqda.
Sinov ikki bosqichda o‘tkaziladi va 2026 yil 30 iyunida yakunlanadi. Birinchi bosqich 2024 yil 1 dekabrda boshlanadi.
Rossiya hududiga Sheremetevo, Domodedovo, Vnukovo, Jukovskiy xalqaro aeroportlari orqali, shuningdek, Orenburg viloyatidagi «Mashtakovo» avtomobil nazorat-o‘tkazish punkti orqali kiruvchi yoki undan chiqadigan barcha xorijiy fuqarolar nazorat-o‘tkazish punktlarida biometrik ma’lumotlarni topshirishi shart.
2025 yil 30 iyundan boshlanadigan ikkinchi bosqich doirasida viza talab qilinmaydigan mamlakatlarning fuqarolari yagona portal mobil ilovasidan foydalangan holda identifikatsiya va autentifikatsiya yagona tizimida oldindan ro‘yxatdan o‘tishi, fotosuratini taqdim etishi, biometrik ma’lumotlarni joylashtirishi, shuningdek, Rossiyaga sayohat maqsadi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan ariza topshirishi mumkin bo‘ladi. Rejim davlat chegarasi orqali o‘tadigan barcha punktlarda qo‘llaniladi.
Ta’kidlanishicha, o‘zgartirishlar Belarus fuqarolari, olti yoshga to‘lmagan bolalar, diplomatlar, boshqa davlatlarning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari, Rossiyada akkreditatsiyadan o‘tgan turli xalqaro tashkilotlar xodimlari, shuningdek, ularning oila a’zolariga ta’sir qilmaydi.
Biometrik ma’lumotlar inson shaxsini aniqlash imkonini beruvchi noyob biologik va fiziologik xususiyatlardir. Biometrikaning beshta keng tarqalgan turi mavjud: barmoq izi, yuz tasviri, ovoz, ko‘z gavhari, kaft va barmoq tomirlarining naqshi.