Chernobil AES halokatida ko‘plab insonlar halok bo‘ladi, radiatsiya nurlari bilan zaharlanib, nogironga aylanadi. Sovetlar davrida sodir bo‘lgan bu fojianing aniq tafsilotlari to‘liq oshkor qilinmagan va ular hozirgacha mavhum qolmoqda.
Chernobil AES Ukraina SSR hududida, Kiyevdan 110, Belarus bilan chegaradan 16, Chernobil shahridan 15 kilometr uzoqlikda, Dneprning irmog‘i bo‘lgan Pripyat daryosi yoqasida joylashgan edi.
Unga eng yaqin aholi manzili AES ishchilari yashaydigan Pripyat shaharchasi edi. 1986 yilning aprel oyida Chernobil AESda jami to‘rtta energoblok ishlab turgan, beshinchi energoblok qurilishi 80 foizga yakunlangan hamda oltinchi energoblokning chuquri kovlanayotgan edi.
Ma’lumot uchun, Chernobil AES qurilishi 1971 yilda boshlangan va u 1977 yil 25 sentabrda ishga tushirilgan. Bu AES o‘sha paytda Ukrainada iste’mol qilinayotgan elektr energiyasining 10 foizini ishlab chiqargan. AES 2000 yilda yopilgan.
Halokat va uning oqibatlari
1986 yil 26 aprel kuni soat 01:23 da Chernobil AESning 4-energoblogida portlash sodir bo‘ladi va reaktor butunlay ishdan chiqadi. Portlash oqibatida energoblokning bir qismi qulab tushib, bosh operator halok bo‘ladi.
AESdagi avariya ortidan havoga uran izotoplari, plutoniy, yod-131 (ta’siri 8 kun), seziy-134 (ta’siri 2 yil), seziy-137 (ta’siri 30 yil), stronsiy-90 (ta’siri 28 yil) tarqab ketadi.
Portlash oqibatida 4-energoblok qulab tushib, bir qancha xodimlar halok bo‘ladi. Portlashdan so‘ng Chernobil AESga ko‘plab qutqaruv brigadalari jalb qilinadi. Ularning barchasi nurlanishga duch keladi va birinchi oyning o‘zida AES xodimlari va qutqaruvchilardan 28 kishi vafot etadi.
Halokatdan eng ko‘p o‘t o‘chiruvchilar jabrlanadi. Portlash oqibatida kelib chiqqan yong‘inni o‘chirish uchun AESdagi va Pripyat shahridagi o‘t o‘chirish jamoasi jalb qilinadi.
Nurlanish va qattiq kuyishdan ko‘plab o‘t o‘chiruvchilar jarohatlanadi. Norasmiy ma’lumotlarda juda ko‘p o‘t o‘chiruvchi halok bo‘lgani keltiriladi.
Halokat sodir bo‘lgandan bir kun o‘tib, 27 aprelda Pripyat shahri aholisini ko‘chirish ishlari boshlanadi. Shaharning 50 ming aholisi 1 225 ta avtobusda Yanov temiryo‘l bekatiga olib borilib, vaqtinchalik boshpanalarga joylashtiriladi.
AESdagi portlashni oshkor qilgan yevropaliklar
Chernobil AES halokati haqida ilk bor Shvetsiya poytaxti Stokholm shahri yaqinida joylashgan «Forsmak» radiatsiya xavfsizligini o‘lchash stansiyasi xodimlari xabar tarqatadi.
Ular 27 aprel kuni havoda radiatsiya miqdori keskin oshib ketganini aniqlaydi va bu haqda Shvetsiya hukumatiga xabar beradi.
Tekshiruvlarda Shvetsiyaga radiatsiyani janubiy-sharqdan esgan shamol olib kelgani va radiatsiya SSSR g‘arbida, Kiyev yaqinidagi Chernobil AES hududidan tarqalayotgani ma’lum bo‘ladi.
Shundan so‘ng shvetsiyalik mutaxassislar Xalqaro atom energetikasi agentligiga (International Atomic Energy Agency – IAEA) murojaat qilib, SSSR g‘arbida sodir bo‘lgan halokat haqida xabar berilmagani uchun izoh so‘raydi.
Biroq Moskvadan ma’lumot ololmagan xalqaro agentlik tuzuk-quruq izoh berolmaydi. Shundan so‘ng dunyo OAV Kiyev yaqinidagi AESda yadroviy halokat sodir bo‘lgani haqida yoza boshlaydi, ammo hech kim AESda yuz bergan halokatning ko‘lamini bilmasdi.
Chernobildagi AESdan havoga radiatsiya tarqalayotgan vaqtda Kremlda halokat haqida vahimali xabar tarqatmaslik muhokama qilinayotgan edi.
Xalqaro tashkilotlar, ko‘plab xorijiy davlatlar bosimi ostida 28 aprelda «Vremya» dasturida Chernobil AESda «arzimagan texnik nosozlik» yuz bergani haqida kichik xabar beriladi.
«Vahima ko‘tarmang, aks holda partiyadan haydalib, qamalasiz»
Tashqi dunyo halokat haqida bong urayotganda Mixail Gorbachyov Ukraina SSR kompartiyasining 1-kotibi Vladimir Sherbitskiyga 1 may bayramini respublikada katta tantanalar bilan o‘tkazishni buyuradi.
Keyinchalik Sherbitskiyning umr yo‘ldoshi Rada Sherbitskaya shunday eslaydi:
«1 may kuni Kiyevdagi tantana soat 10:00 da boshlanishi kerak edi. Vaqt bo‘lsa ham erimdan darak bo‘lavermadi. Bir payt maydonga hukumat mashinasi kelib to‘xtadi va undan erim tushdi. Kayfiyati yo‘qligi yuzidan bilinib turardi. U bayram tadbirini jilmayib o‘tkazgan bo‘lsa-da, qandaydir ko‘ngilsizlik bo‘lganini sezib turar edim.
Keyinchalik erimning aytishicha, o‘sha kuni tadbirdan avval u Kiyevdagi bayramni qoldirishni va shahar aholisini evakuatsiya qilishni so‘rab Gorbachyovga telefon qilgan. Mamlakat rahbari unga «Vahima ko‘tarma. Bayramni qoldirishni ham o‘ylama. Mabodo vahima tarqalsa, partiyadan haydalasan va borar manziling aniq, buni bilasan», deb po‘pisa qilgan ekan».
O‘sha kezda xorijiy OAV, turli davlatlarning elchixonalari Chernobilda bo‘lib o‘tgan ish haqida tinmay ma’lumot so‘rar, ammo vaziyat to‘liq KGB nazoratida bo‘lgani uchun hech kimga ma’lumot berilmasdi. Bu vaqtda Kiyevdagi xorijliklar turli bahonalar bilan o‘z mamlakatiga jo‘natib yuboriladi.
AES haqidagi ma’lumotlar Kiyevga Moskva orqali beriladi. Masalan, Xalqaro atom energetikasi agentligi rahbari Xans Bliksning Kiyevga tashrifini Ukraina rasmiylari ham, OAV ham Moskva orqali biladi.
Shuningdek, turli xorijiy shaxslar bilan «Kiyevda hayot odatdagiday davom etayotgani va hech qanday radiatsiya ta’siri yo‘qligi» haqida intervyular tashkil etiladi.
Mixail Gorbachyov 14 mayga kelib ilk marta Chernobil halokati haqida gapiradi. U AESdagi vaziyat haqida xorijiy OAV, turli xalqaro tashkilotlar oshiqcha vahima ko‘tarayotgani, amalda esa Chernobilda arzimagan texnik halokat sodir bo‘lgani haqida so‘zlaydi.
Ungacha esa «Pravde Ukraini» gazetasida «Ehtiyot bo‘lish tavsiya etiladi» sarlavhasi ostida Ukraina SSR sog‘liqni saqlash vaziri Anatoliy Romanenkoning aholiga murojaati e’lon qilinadi.
Murojaatda vazir Chernobil AESda kichik texnik halokat yuz bergan kunlarda havoda radiatsiya darajasi biroz ko‘tarilgani, so‘nggi kunlarda u pasaygani va belgilangan normaga tushgani, xavotirlanishga aslo hojat yo‘qligi haqida yoziladi.
Sovet hukumati halokat ko‘lamini bilib turgandi. Shu sababli Kiyevdagi o‘quvchilar may oyi boshidan yozgi ta’tilga chiqariladi.
«Go‘sht qiymalagich»ga tashlanganlar
Halokat sodir bo‘lgan 4-energoblok joylashgan obektning sobiq bosh muhandisi, Chernobil halokatining ilk kunlarida hodisa joyida bo‘lgan Vadim Grishenko voqealarni shunday eslaydi:
«Avariyadan keyingi dastlabki kunlarda biz ham, AES ishchi-xodimlari ham, SSSRning barcha respublikalaridan kelgan olimlar ham «endi nima bo‘ladi?» degan savolga jo‘yali javob bera olmasdik. Hamma ikkinchi portlash ro‘y berishidan qo‘rqardi.
Nazoratni Moskvadan kelgan komissiya a’zolari (ularning ko‘pchiligi KGB xodimlari edi) qo‘lga olgan va barcha ish ularning buyruq va ko‘rsatmalari bilan amalga oshirilar edi. Ikkinchi portlashning oldini olish uchun komissiya vayron bo‘lgan reaktorning og‘ziga zanjirli reaksiyani o‘chiradigan materiallar bilan aralashtirilgan minglab tonna qum tashlashga qaror qildi. Bu ish uchun Afg‘onistondan olib chiqilgan general Antoshkinning uchta asosiy va bitta yordamchi vertolyot polk bo‘linmasi Chernobilga safarbar etiladi.
Tasavvur qiling-a, urushni boshdan kechirgan va Afg‘onistondan qaytib kelganidan so‘ng hayotida eng xavfli lahzalar ortda qolganiga umid qilgan uchuvchilar o‘zi xohlamagan va dahshatni his qilmagan holda yana urushdan qolishmaydigan dahshatli «go‘sht qiymalagich»ga tushishdi».
Vertolyotlar o‘ziga ortilgan qumni mo‘ljalga aniq tashlash uchun nisbatan pastroq uchishi kerak edi. Bu ishda qatnashgan uchuvchilar radiatsiya ta’sirida sog‘lig‘ini yo‘qotgani uchun ikki-uch kundan keyin kasalxonaga olib ketilgan.
O‘nga yaqin vertolyot yerga qulab tushadi: ular vayronalarda chiqib qolgan armaturalar bilan to‘qnashib ketar yoki reaktordan ko‘tarilgan issiqlik oqimi va radiatsiya to‘lqiniga tushib qolardi.
Chernobil AES halokatidan armiyada xizmat qilayotgan yosh askar yigitlar ham ko‘p jabr ko‘radi. O‘sha paytda rahbariyat radiatsiya ko‘lamini bilib turgan bo‘lsa-da, halokatni bartaraf etish uchun Chernobilga juda ko‘plab askarlarni jo‘natadi.
«Vayron bo‘lgan inshootning tomini tozalash ishlari bir oy davom etdi. Shu vaqt mobaynida u yerda ming nafardan oshiqroq askar xizmat qildi. Ularning aksariyati o‘sha yerda o‘z sog‘lig‘ini yo‘qotdi. Yangi olib kelinayotgan askarlar o‘z safdoshlari bu yerdan nogiron bo‘lib qaytayotganini ko‘rsa ham, xizmatdan bo‘yin tovlashga haqqi yo‘q edi.
Askarlarning hayotini saqlab qolish uchun ularga 2,5 millimetr qalinlikdagi zirhli kiyim kiydirilgan. Qo‘llariga qo‘rg‘oshindan tayyorlangan qo‘lqop kiyishgan, yuzida ham himoya niqobi bo‘lgan. Ammo bu chora ham ularni zaharlanishdan saqlab qololmasdi.
Har bir askarning orqasiga katta qilib raqam yozilgan edi va o‘sha raqamlar orqali qaysi askar nima bilan mashg‘ulligi kuzatilardi», deb eslaydi Chernobil AES halokatini bartaraf etish bo‘yicha muhandis o‘rinbosari Yuriy Samoylenko.
Rasmiy hujjatlarda AES halokatida 54 nafar odam halok bo‘lgani qayd qilingan. Ammo keyinchalik halokatda va uni bartaraf etishda jami 4 mingga yaqin kishi halok bo‘lgani ma’lum qilingan.
Chernobil AES halokati tufayli 115 ming odam evakuatsiya qilingan. 1986-1992 yillar davomida halokat asoratlarini bartaraf etish ishlarida 526 250 nafar odam qatnashgan. Ularning barchasi keyinchalik radiatsiya bilan zararlanib, ma’lum darajada nogiron bo‘lgan.
Chernobil AES halokati Xalqaro atom energetikasi agentligi tomonidan tuzilgan INES (International Nuclear Event Scale – Yadro hodisalarining xalqaro shkalasi) ko‘rsatkichida 7 shkalali deb baholangan.
Chernobil AESda yuz bergan halokatda boshqa ittifoqdosh respublikalardan kelgan qutqaruvchilar qatorida ko‘plab o‘zbekistonliklar ham qatnashgan. Shuningdek, halokatni bartaraf etish uchun jalb qilingan askarlar safida ham ko‘plab o‘zbekistonliklar bo‘lgan.
Sovetlarning yolg‘oni va keyingi xulosalar
Halokat bo‘yicha tashkil etilgan SSSR davlat komissiyasi surishtiruvlar bo‘yicha o‘z xulosalarini e’lon qilgan va unda asosan AES rahbariyati aybdor sifatida ko‘rsatilgan.
Shuningdek, SSSR davlat atom nazorati tomonidan yuborilgan guruh ham davlat komissiyasining xulosasini ma’qullagan. Xulosaga ko‘ra, AES rahbariyati xavfsizlik texnikasi qoidalariga mutlaqo amal qilmagan va oqibatda halokat yuz bergan.
1991 yilda SSSR davlat atom nazorati komissiyasi ishni qaytadan ko‘rib chiqdi va AES rahbariyati ayblangan oldingi xulosalarni rad etib, Chernobildagi halokatga reaktor energoblogi konstruksiyasidagi kamchiliklar sabab bo‘lgani haqida xulosa berdi.
1993 yilda INSAG (INSAG; International Nuclear Safety Advisory Group – xalqaro yadroviy xavfsizlik tashkiloti) qo‘shimcha hisobotlarni ma’lum qiladi.
Unda avval e’lon qilingan birinchi hisobot xato bo‘lgani, 1986 yilda ishni to‘laqonli o‘rganishning iloji bo‘lmagani uchun asosan SSSR davlat atom nazorati qo‘mitasi xulosasiga tayanilgani, 1991 yildan so‘ng halokat bo‘lgan obektga to‘laqonli kirib halokat sabablarini o‘rganish imkoniyati bo‘lgani yozilgan edi.
Shuningdek, hisobotda reaktor loyihasida xatolar bo‘lgani va energoblok avval boshdanoq noto‘g‘ri konstruksiya bilan qurilgani keltirilgan. Shundan so‘ng INSAG tomonidan yana bir necha marta Chernobil halokati bo‘yicha surishtiruvlar o‘tkazildi va ularda yangidan yangi dalillar o‘rtaga chiqdi.
INSAG tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi surishtiruvda (darvoqe, u INSAG-7 deb ataladi) quyidagi xulosa berildi:
— reaktor xavfsizlik normalariga javob bermagan;
— xavfsizlikni ta’minlashda foydalanish qoidalari befoyda bo‘lgan;
— atom energiyasidagi xavfsizlikni tartibga solish va nazorat qilish tizimi samarasizligi, milliy hamda mahalliy darajada yadroviy xavf masalalarida xavfsizlik madaniyati umuman bo‘lmagan;
— operatorlar orasida, shuningdek, operatorlar va loyihachilar o‘rtasida xavfsizlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar samarali almashilmagan, xodimlar obektning xavfsizlikka ta’sir ko‘rsatadigan xususiyatlari to‘g‘risida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmagan;
— xodimlar bir qator xatolarga yo‘l qo‘ygan va mavjud ko‘rsatmalar hamda sinov dasturiga amal qilinmagan.
Umumiy xulosa shu bo‘ladiki, loyiha boshdanoq xato bo‘lgan. Shuningdek, AES xodimlari belgilangan normalar va xavfsizlikka amal qilmagan, rahbariyat esa bunga e’tiborsiz bo‘lgan.
Halokatdan so‘ng qabul qilingan xalqaro konvensiya
Chernobil AESdagi halokatdan so‘ng, 1986 yil 26 sentabrda BMTda Atom energetikasi bo‘yicha maxsus konvensiya qabul qilinadi.
Xalqaro atom energetikasi agentligining (Bu tashkilot BMT tarkibida) maxsus sessiyasida qabul qilingan «Yadro avariyalari yuz berganda tezkor ogohlantirish haqida» deb nomlangan konvensiya 17 ta bo‘limdan iborat edi.
Konvensiyada hududida yadro avariyalari yuz bergan davlat darhol bu haqda xalqaro agentlikka xabar berishi va boshqalarni halokat oqibatlaridan ogohlantirishi belgilab qo‘yiladi.
Shuningdek, yadro avariyasi sodir bo‘lgan davlat halokat ko‘lamini kamaytirishga urinmasligi va bu haqda o‘z fuqarolarini ogohlantirib, ularni xavfsiz joyga ko‘chirish choralarini ko‘rishi lozim edi.
Bundan tashqari, konvensiyada yadro avariyasi sodir bo‘lgan davlatga boshqa davlatlar tomonidan darhol yordam ko‘rsatilishi belgilangandi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.