Kanadadagi yirik yangiliklar agentliklari OpenAI’ni sudga berdi

Jahon 21:09 / 30.11.2024 1721

Kanadadagi yirik yangiliklar agentliklari koalitsiyasi ChatGPT chatbotini yaratgan OpenAI kompaniyasini sudga berdi. Ular AQSh kompaniyasini o‘z dasturiy ta’minotini takomillashtirishda nashrlarning materiallaridan noqonuniy foydalanib kelganlikda ayblamoqda.

Da’vogarlar qatoridan Toronto Star, Metroland Media, Postmedia, The Globe and Mail, The Canadian Press va CBC kabi tashkilotlar o‘rin olgan. Ta’kidlanishicha, mamlakatda bu turdagi da’vo shu vaqtgacha sudga kiritilmagan.

«Jurnalistika jamoatchilik manfaatlariga javob beradi. OpenAI boshqalar jurnalistikasidan o‘zining tijorat maqsadlarida foydalanishi kerak emas. Bu noqonuniy», — deyiladi mediatashkilotlarning qo‘shma bayonotida.

OpenAI esa o‘z modellari «ommaga ochiq ma’lumotlar orqali o‘rganishini» ma’lum qildi. Kompaniya BBC’ga bergan izohida ta’kidlanishicha, dasturiy ta’minot «mualliflar uchun adolatli va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydigan tegishli xalqaro mualliflik huquqi tamoyillariga asoslangan».

«Biz elektron nashrlar bilan doimiy hamkorlik qilib kelamiz, xususan, ChatGPT qidiruv tizimi orqali ularning mualliflari va havolalarini ko‘rsatamiz», — deyiladi izohda. Shuningdek, kompaniya hamkorlik qilishni xohlamaydigan nashrlar bemalol rad javobini berishlari mumkinligini bildirgan.

Kanada mediakompaniyalari 84 varaqlik arizasida OpenAI’ni kontentdan ruxsatsiz nusxa ko‘chirishning oldini olishga xizmat qiladigan pulli obuna yoki mualliflik huquqlaridan voz kechish kabi xavfsizlik choralarini e’tiborsiz qoldirganlikda ayblamoqda.

Kanadaning yetakchi nashrlaridan iborat guruh ChatGPT’ni takomillashtirishdp foydalanilgan har bir maqola uchun 14,3 ming dollar talab qilmoqda. Bu umumiy hisobda milliardlab dollarlik kompensatsiyaga aylanib ketishi mumkin.

Yangiliklar tashkilotlari, shuningdek, OpenAI’dan foydalanilgan maqolalaridan keladigan daromad bilan bo‘lishishni talab qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: