Gurjistonda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlaridagi zo‘ravonliklar bo‘yicha mas’uliyat Yevropa siyosatchilari va muxolifatning zimmasida, deydi mamlakat bosh vaziri Irakliy Kobaxidze brifingda.
«Kechagi zo‘ravonlik mitingi bo‘yicha asosiy mas’uliyat Yevropadagi tegishli siyosatchilar va byurokratlar, mahalliy agentura, to‘rtta siyosiy partiya sifatida taqdim etilgan beshinchi kolonna zimmasida», — deydi Kobaxidze.
Uning fikricha, «yevropalik siyosatchilar va byurokratlar» Gurjistonni «ukrainalashtirishga» urinmoqda va muntazam Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod maqomi masalasini mamlakatda «jamiyatni zaiflashtirish, qutblash va sun’iy ravishda bo‘lish»da foydalanyapti.
«Radikallar va ularning xorijdagi xo‘jayinlari har safar Gurjistonni ukrainalashtirish va vaziyatni keskinlashtirish uchun yangi sabablarni o‘ylab topishga urinmoqda. Ular 2013 yildagi Ukrainadan farqli o‘laroq, Gurjiston kuchli institutlarga va eng muhimi, bukilmas matonatli tajribali hamda dono xalqqa ega mustaqil davlat ekanini anglamayapti. Gurjistonda «maydon» ssenariysi ro‘y bermaydi», — deydi bosh vazir.
Kobaxidzening ta’kidlashicha, 30 noyabr kechasi Tbilisida politsiya «mamlakat konstitutsiyaviy tuzumiga hujum»ning oldini olgan.
28 va 29 noyabr kunlari Tbilisi va Gurjistonning boshqa shaharlarida mamlakatning yevrointegratsiya tomon harakati to‘xtatib qo‘yilgani bo‘yicha ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Namoyishlar Irakliy Kobaxidze mamlakat 2028 yil oxiriga qadar Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralardan voz kechishini e’lon qilgandan so‘ng boshlandi.
Politsiya namoyishchilarni «vodomyot» va ko‘zni yoshlantiruvchi gazlarni qo‘llagan holda tarqatib yubordi. Ma’lum qilinishicha, politsiya aksiya ishtirokchilariga kuch ishlatgan, ularni kaltaklagan. Namoyishchilar esa bunga javoban huquq-tartibot xodimlariga turli buyumlar hamda pirotexnika vositalarini otgan.
Gurjiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 29 noyabr kungi namoyishlar jarayonida 40 kishi shifoxonaga yotqizilgan: 36 nafar namoyishchi, ikki nafar OAV va ikki nafar politsiya xodimi. News Georgia’ga ko‘ra, aksiyaning yuzlab ishtirokchilari jabrlangan. IIVning ma’lum qilishicha, namoyishchilar bilan to‘qnashuv vaqtida idoraning 10 nafar xodimi jarohat olgan, 150 dan ortiq aksiya ishtirokchisi ushlangan.