Buyuk Britaniyada astma xurujlariga qarshi yangi dori ishlab chiqildi

Fan-texnika 17:36 / 30.11.2024 1363

Buyuk Britaniya tadqiqotchilari yarim asrdan buyon ilk bor astma xurujlarini davolashga mo‘ljallangan yangi dorini ishlab chiqdi.

Klinik sinovlar vaqtida Beneralizumab preparati kasallikning og‘ir shakliga chalingan odamlarni davolashda oddiy steroid tabletkalarga nisbatan ancha samarali bo‘lib chiqdi. Uning tarkibidagi monoklonal antitelolar oq qon hujayralaridan biri — eozinofillarga maqsadli ta’sir ko‘rsatadi. Bu hujayralar eozinofil astmasi deb nomlanuvchi kasallikka chalingan odamlarning o‘pkasiga kirib, nafas yo‘llarini shishiradi va toraytiradi.

Astmaning ushbu turi 50 foiz holatlarda kasallik kuchayishiga sabab bo‘ladi. O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligiga (O‘SOK) chalingan odamlarda og‘ir xurujlarning uchdan bir qismi asosida ham aynan shu biologik mexanizm yotadi.

London Qirollik kolleji olimlari astma yoki O‘SOK bilan og‘rigan bemorlarga xuruj paytida yangi dori yuborilganda, to‘rt haftadan so‘ng ularning nafas siqishi, hansirashi va boshqa belgilari kamroq kuzatilganini aniqladi.

Agar bunday xuruj — nafas olishning qiyinlashishi, xirillash, yo‘tal va ko‘krakda siqilish ingalyatorlar yordamida bartaraf etilmasa, hozirgi kunda shifokorlar steroidlar kursini tayinlaydi.

Benralizumabni eng og‘ir holatlarda qo‘llash boshlangan, ammo so‘nggi tadqiqotlar undan muntazam foydalanish mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Olimlar astma yoki O‘SOKning barcha xurujlari bir xil emasligini payqadi. Aksincha, turli bemorlarda immun tizimining alohida qismlari turlicha javob beradi.

“Endi biz yallig‘lanishning turli modellarini aniqlab, kerakli bemorga kerakli vaqtda to‘g‘ri muolaja tayinlay olamiz”, — dedi Qirollik kolleji professori Mona Bafadxel.

Tadqiqotda 158 kishi ishtirok etgan, bemorlar muolajadan keyin uch oy davomida kuzatilgan.

The Lancet Respiratory Medicine jurnalida e’lon qilingan natijalarga ko‘ra, davolashdagi muvaffaqiyatsizlik darajasi steroidlar qabul qilinganda 74 foizni, yangi dori qo‘llanganda esa 45 foizni tashkil etdi.

Yangi terapiya olgan odamlar orasida kasalxonaga tushish, kasallik qaytalanishi yoki o‘lim holatlari kamroq kuzatilgan. Ko‘ngillilar ham yangi dori qabul qilganda simptomlar yengillashgani va hayot sifati yaxshilangani haqida ma’lum qildi.

“Bu inqilobiy qadam, chunki o‘tgan 50 yil davomida davolash usulini o‘zgartirmagandik. Endi og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolash yondashuvi tubdan o‘zgaradi”, — deb ta’kidladi professor Bafadxel.

Beneralizumab hali keng qo‘llashga tayyor emas. Uning foydasiga ishonch hosil qilish uchun 2025 yilda boshlanib, ikki yil davom etadigan keng ko‘lamli tadqiqot o‘tkazish kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, yangi tadqiqot dorining iqtisodiy samaradorligini baholashi lozim, chunki monoklonal antitanalar ham, yangi dori-darmon ham ancha qimmat preparatlar hisoblanadi.

Biroq Oksford universiteti shifokori Sanjay Ramakrishnan tadqiqot natijalari “katta istiqbol” ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, O‘SOK butun dunyoda o‘limning asosiy sabablaridan biri bo‘lsa-da, uni davolash usullari “20-asrda qolib ketgan”.

O‘n yillardan buyon astma xurujlari steroidlar yordamida davolanib, o‘pkadagi yallig‘lanish va shishlar kamaytirib kelinadi.

Biroq ular doim ham samara bermaydi, shu sababli bemorlar dori qabul qilish kurslarini takrorlashga majbur bo‘ladi. Bu esa qayta kasalxonaga yotqizilish, ba’zan o‘limga olib kelishi mumkin.

Steroidlarni muntazam qo‘llash diabet va osteoporoz kasalliklarining rivojlanish xavfini oshiradi.

Ko‘proq yangiliklar: