Xususan, Varshavada oyog‘idan jarohat olishi natijasida samolyotda uchishga ruxsat berilmagan Ya.S.ga LOT aviakompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazish orqali maxsus ruxsatnoma olindi va bemorga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Avtohalokatdan jabr ko‘rgan vatandosh Sh.Sh. vaqtincha turar joy bilan ta’minlandi, unga tibbiy yordam ko‘rsatildi va aviachipta sotib olib berildi.
Diplomatlar vatandoshlar istiqomat qilayotgan Varshava shahridagi 4 ta hostelga tashrif buyurib, konsullik xizmatlari ko‘rsatishdi. Uchrashuvda O‘zbekiston prezidentining "Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorining mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berildi.
Shuningdek, muloqot davomida ma’lum bo‘lgan uch nafar ishsiz yurtdoshning bandligi ta’minlandi.
Bundan tashqari, Polshada noqonuniy bo‘lib turgan vatandoshlarni o‘z vaqtida yurtga qaytarish maqsadida Polshaning tegishli tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Elchixona o‘z faoliyati davomida nafaqat vatandoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, balki ularning qonuniy ishga joylashishi va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni ham amalga oshirmoqda.
Jumladan, Personnel Service, Santle HR, Stafflink Europe va boshqa kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvlar natijasida O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish va Polshada bo‘lib turgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.