Ukrainada RF harbiylarining asirlarni otib tashlashi tergov qilinmoqda

Jahon 14:14 / 29.11.2024 3768

Zaporijjya oblasti prokuraturasi 28 noyabr, payshanba kuni urush qonunlari va odatlarini buzganlik, qasddan odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyat ish yurituvini boshladi, deyiladi prokuratura saytida. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 24 noyabr kuni Zaporijjya oblasti, Pologovskiy rayoni, Novodarovka aholi punkti yaqinida Rossiya Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari asirga olingan olti nafar ukrainalik askardan besh nafarini otib tashlagan, deyiladi xabarda.

Ukraina huquq-tartibot idoralari xodimlari harbiy xizmatchilari ushbu jinoyatga aloqadorligi tekshirilayotgan Rossiya armiyasining bo‘linmasini aniqladi. Tergovchilar ixtiyorida otishma lahzasi yozib olingan videoyozuv ham bor. «Harbiy asirlarni o‘ldirish Jyeneva konvensiyalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi va og‘ir xalqaro jinoyat sifatida tasniflanadi», — deya ta’kidlaydi oblast prokuraturasi.

Kiyev: RF qo‘shinlari asirga olingan yana besh ukrainalikni otib tashladi

Kiyev Ukrainaning Donetsk oblastida RF qo‘shinlari tomonidan sodir etilgan urush qoidalarining navbatdagi buzilishini tekshirmoqda. Gap rossiyalik harbiylar tomonidan Pokrovsk yo‘nalishida besh nafar ukrainalik harbiy asirning qatl etilishi ehtimoli haqida bormoqda, deb xabar qildi Ukraina Bosh prokuraturasi 26 noyabr kuni o‘zining Telegram-kanalida.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa noyabr oyida, Rossiya qo‘shinlari Petrovka qishlog‘i yaqinidagi Ukraina Qurolli kuchlari pozitsiyalariga bostirib kirgan bir vaqtda yuz bergan. Aholi punkti Pokrovsk yo‘nalishida joylashgan bo‘lib, u yerda Rossiya Federatsiyasi kuzda ma’lum muvaffaqiyatlarga erishdi.

«Hujum natijasida Ukraina Qurolli kuchlarining besh nafar askari chekinishga va xususiy uyga yashirinishga majbur bo‘ldi, rus harbiylari ukrainalik himoyachilarni qurolsiz qoldirib, yerga yotishga majbur qilgan. Ular xalqaro gumanitar qonunlarni buzgan holda ukrainalik asirlarni avtomat qurollardan o‘qqa tutdi», — deyiladi Ukraina Bosh prokuraturasi bayonotida.

Ko‘proq yangiliklar: