Suriyaning «Hayat Tahrir ash-Shom» (Hsh) radikal guruhi jangarilari va ularning boshqa guruhlardagi ittifoqchilari bir kun avval boshlangan hujum davomida 28 noyabr, payshanba kuni Halab viloyatida bir qator muhim pozitsiyalarni egallab oldi. «Hayat Tahrir ash-Sham» radikal guruh bo‘lib, avval «Al-Qoida»ning Suriyadagi bo‘limi bo‘lgan «Jabhat an-Nusra»dan ajralib chiqqan. Guruh ko‘plab mamlakatlarda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan.
Londonda joylashgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasi (SOHR) ma’lumotlariga ko‘ra, janglarda 121 jangari va hukumatga qarashli Suriya arab armiyasidan (SAA) 61 askar halok bo‘lgan. Tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlar bor. Qayd etilishicha, hujumchilar qurol-yarog‘ omborlari va zirhli mashinalarni egallab olgan.
Reuters agentligi hukumat armiyasidagi manbaga tayanib xabar berishicha, jangarilar Halab shahri chekkasidan 10 km va Nubla va Zahrodan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan — ular asosan shialar yashaydigan ikki shahar bo‘lib, u yerda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan «Hizbulloh» Livan harakati kuchlari joylashgan. Jangarilar Halab sharqidagi Nayrab aviabazasiga ham hujum qilgan. AR axborot agentligi xabariga ko‘ra, ular Halabni Damashq bilan bog‘lovchi muhim M5 magistralini to‘sib qo‘yishga muvaffaq bo‘lishgan. Turkiya Anadolu agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, 28 noyabrga qadar jangarilar 32 ta aholi punktidan SAA bo‘linmalarini siqib chiqarishga va umumiy maydoni 245 kvadrat kilometr bo‘lgan hududni egallashga muvaffaq bo‘lishgan.
Isyonchilarning 2020 yildan beri eng yirik hujumi
Eronning Tasnim agentligi Eronning Suriyadagi katta harbiy maslahatchisi, brigada generali Kiumars Pourhashimi jangarilar bilan janglarda halok bo‘lganini xabar qildi.
SANA davlat axborot agentligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, armiya «ko‘p sonli isyonchilar ishtirok etgan, o‘rta va og‘ir qurollar qo‘llangan keng ko‘lamli hujumni» og‘ir talafotlar bilan qaytarmoqda.
Reuters agentligining qayd etishicha, bu Bashar Asad rejimi muxoliflarining Asadni qo‘llab-quvvatlayotgan Rossiya va isyonchilarni qo‘llab-quvvatlayotgan Turkiya o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgan 2020 yil martidan beri sodir bo‘lgan eng yirik hujumidir.