28 noyabr, payshanba kuni Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar 2028 yilgacha to‘xtatilganini e’lon qilganidan so‘ng, Tbilisi va Gurjistonning boshqa shaharlarida norozilik namoyishlari boshlandi. «Rustavelidagi norozilik namoyishi ishtirokchilari soni ortib bormoqda, namoyishchilar parlamentning temir panjarasini taqillatmoqda», deb yozadi Paper Kartuli.
Politsiya maxsus texnikasi markaziy Ozodlik maydoniga tortilmoqda, xavfsizlik kuchlari yetib kelyapti, deb xabar beradi nashr muxbiri.
Namoyishlarga Gurjiston prezidenti qo‘shildi
Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi bilan ochiq to‘qnash kelgan Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili parlament binosi oldidagi namoyishchilarga qo‘shildi. «Men bu yerda bo‘laman. Tugamaydigan qarshilik ko‘rsatish boshlanyapti, biz yangi saylovlarga erishishimiz kerak, bu mamlakat ichidagi ham, tashqarisidagi ham maqsad», dedi prezident.
Avvalroq, xuddi shu kuni, 28 noyabrda Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Gurjiston Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralardan, shuningdek, keyingi to‘rt yilga YeIning barcha grant va kreditlaridan chiqishini ma’lum qilgandi. Kobaxidze bu haqda Yevroparlament Gurjistondagi o‘tgan parlament saylovlarini keng ko‘lamli qonunbuzarliklar tufayli tan olmagan va bir yil ichida yangi saylovlar o‘tkazilishini talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qilganidan bir necha soat o‘tib aytdi.