AQShdagi asr qotilligi – prezident Jon Kennedi qanday o‘ldirilgandi?

Jahon 12:15 1738

1963 yil 22 noyabr kuni AQShda misli ko‘rilmagan qotillik sodir etiladi. Mamlakat prezidenti Jon Kennedi omma oldida otib o‘ldiriladi.

Qotillik kunduzi prezidentni ko‘rish va olqishlash uchun chiqqan odamlar ko‘z o‘ngida sodir etiladi. Hodisani o‘sha yerda bo‘lgan ko‘plab jurnalistlar tasvirga olishadi. Qotillik dunyo bo‘ylab katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi.

O‘sha paytlarda Karib havzasida joylashgan Kuba oroli tufayli sovet-Amerika munosabatlari juda taranglashgan edi. Shu sababli Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) va Federal qidiruv byurosi (FQB) Kennedining o‘limida KGB va Kubani ayblaydi.

Bir necha yil SSSRda yashagan va hodisadan biroz avval AQShga qaytgan amerikalik yigit Kennedini o‘ldirishda ayblanib, hibsga olinadi.

Oradan ikki kun o‘tgach gumondorni shahar qamoqxonasidan okrug qamoqxonasiga olib ketishayotganda fuqarolardan biri uni otib tashlaydi.

Hozirgacha ko‘pchilik amerikaliklar MRB va FQBning rasmiy ma’lumotlariga ishonmaydi. Ularning bunga asosi bor: Kennedining o‘limi bilan bog‘liq tafsilotlar va hujjatlar oxirigacha oshkor qilinmagan.

Demokratlardan chiqqan xalq qahramoni

Jon Kennedi Demokratik partiya vakili bo‘lgan va u media hamda omma e’tiboridagi odam edi. Hollivudcha tashqi ko‘rinish, Ikkinchi jahon urushi qahramoni, meros qolgan katta pul, avtobiografik kitob uchun Pulitser mukofoti – bularning barchasiga ega bo‘lgan Kennedi amerikaliklarning qalbini zabt etgandi.

1960 yilda o‘tkazilgan prezidentlik saylovida tajribali siyosatchi Respublikachilar vakili Richard Nikson ustidan kichik farq bilan bo‘lsa-da g‘alaba qozonish uchun 42 yoshli Kennediga shular yetarli bo‘ladi.

O‘shanda FQB bosh direktori Edgar Huver Niksonni qo‘llash uchun saylovdan avval Kennedi haqida salbiy xabarlar tarqattiradi. Bu ishlarning Niksonga nafi tegmaydi va Kennedi baribir g‘alaba qozonadi.

Kennedi eng munozarali prezidentlardan biri sifatida Amerika tarixiga kirdi. U AQShni boshqargan uch yildan kamroq vaqt ichida bu davlat ichki va tashqi siyosatda bir qator mojarolarga aralashdi.

Uning davrida Kuba va G‘arbiy Berlin inqirozi sodir bo‘ldi. AQSh Vetnam urushiga ko‘proq aralasha boshladi. Ichki siyosatda o‘zgarishlar bo‘ldi va fuqarolar huquqlari liberallashtirildi. Natijada Amerikaning konservativ jamiyati qutblana boshladi.

Suiqasd tafsilotlari

1963 yil 22 noyabr juma kuni Jon Kennedi va uning rafiqasi Jaklin Texas shtatidagi Dallas shahriga uchib borishadi. Bir yildan so‘ng AQShda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tishi kerak edi va Kennedi bu boy shahardan homiylar topishga umid qilgandi.

Prezident va uning rafiqasini Texas gubernatori Jon Konnalli hamda uning rafiqasi kutib oladi. Shundan so‘ng ular Lincoln Continental kabrioletiga o‘tirib, shahar markazi tomon harakatlanishadi.

Yo‘lda ularni ko‘chalar bo‘ylab saf tortgan odamlar qo‘l silkitib qutlashar, fotosuratchilar va operatorlar holatni kadrlarga muhrlashardi. Kabrioletni politsiya va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari kuzatib borardi.

Kortej soat 12:30 larda Meyn-stritdan o‘tib Xyuston ko‘chasiga, so‘ng Elm ko‘chasiga buriladi. Shunda o‘sha atrofdan ikki marta o‘q ovozi eshitiladi. Kennediga o‘q uzishgandi.

Birinchi o‘q Jon Kennedining orqa tomonidan bo‘yniga, ikkinchisi boshiga tegadi. Birinchi o‘q uzilgan zahoti prezidentni qo‘riqlab kelayotgan maxfiy xizmat agenti Klinton Xill darhol Kennedi o‘tirgan mashina tomon yuguradi.

U prezident o‘tirgan kabrioletga yetmasidan ikkinchi o‘q uziladi. Klinton darhol tanasi bilan Kennedini to‘sadi. Kabriolet haydovchisi mashinani darhol kasalxona tomon yeldirib ketadi.

Kennedini Parklend kasalxonasiga olib borishganda u tirik edi. Ammo shifokorlarning barcha sa’y-harakatlariga qaramay, prezident soat 13:00 da vafot etadi.

Prezidentga otilgan birinchi o‘q Kennedining tanasini teshib o‘tgach Texas gubernatori Konnallini ham yaralaydi.

Asosiy gumondor KGB bilan hamkorlik qilganmidi?

Suiqasddan so‘ng politsiya atrofdagi barcha binolarni tekshira boshlaydi. Shunda kimdir Elm ko‘chasidagi binoning oltinchi qavatida miltiq ko‘targan yigitga ko‘zi tushganini aytib qoladi.

Bino darhol o‘rab olinadi va o‘q otilgan joy topiladi. U yerdan miltiq va uchta bo‘sh patron topiladi. Surishtiruv davomida nafaqadagi dengiz piyodasi Li Harvi Osvald ismli shaxs qo‘lga olinadi. Biroq gumonlanuvchi hech narsani tan olmaydi.

Suiqasddan ikki kun o‘tib, yigit shahar qamoqxonasidan okrug qamoqxonasiga ko‘chirilayotgan vaqtda Jyek Rubi ismli tungi klub egasi uni otib o‘ldiradi. Tergov davomida Rubi bu ishni prezidentning o‘limi uchun qasos sifatida qilganini aytadi.

Keyinchalik, uning AQSh sotsialistik partiyasi safiga 16 yoshda kirgani, rus tilini o‘rgangani, 1959-1962 yillar davomida SSSRda yashagani va AQShga qaytgach KGB josuslari bilan aloqada bo‘lib kelgani ma’lum bo‘ladi.

U AQShdagi KGB josusi bilan so‘nggi marta Kennedini o‘ldirishidan ikki oy avval muloqotda bo‘lgani aniqlanadi.

Biroq 1964 yilda AQShga qochib o‘tgan KGB xodimi Yuriy Nosenko Kennedining o‘ldirilishida KGBning aloqasi yo‘qligini aytadi. MRB ham bu haqda jiddiy dalil topa olmagan.

Nosenkoga ko‘ra Osvaldga Kennedini o‘ldirish KGB tomonidan buyurilmagan. Unda ruhiy muammolar bo‘lgani uchun KGB Osvaldga ishonmagan va u bilan hamkorlik qilishni rad etgan.

 

Boshqa tafsilotlarga ko‘ra, Osvald Kuba hukmdori Fidel Kastroning muxlisi bo‘lgan. U SSSRdan AQShga qaytgach Dallasga joylashgan va mahalliy sotsialistlar safiga qo‘shilgan.

MRB ma’lumotlariga ko‘ra, Kennediga suiqasddan ikki oy oldin Osvald hatto Meksikaga borgan, u yerda SSSR va Kuba elchixonalariga tashrif buyurgan. KGB zobitlari bilan uchrashgan.

Taxminlarga asoslangan dalillar

Agar Kennedining o‘ldirilishida KGBning qo‘li borligi haqidagi taxmin faqat tasdiqlanmagan bo‘lsa, Osvaldning aybdorligi haqida bir nechta dalil bor.

Kennediga o‘q uzilgan qurol italiyaliklarning Carcano miltig‘i bo‘lgan va unda Osvaldning barmoq izlari topilgan.

Biroq o‘shanda FQB va MRB xodimlari jurnalistlar ishtirokida sinov o‘tkazishadi va miltiq topilgan joydan Kennedi ketayotgan ko‘chadagi harakatlanayotgan nishonga o‘q uzib ko‘rishadi. Biroq biror kishi qisqa vaqt ichida kerakli masofaga yuqori aniqlikda o‘q uza olmaydi.

Osvald ham mergan emasdi. Shu sababli sinovdan so‘ng MRB va FQBda aslida qotillar ko‘proq bo‘lgan va prezidentga o‘q uzgan shaxslar qochgan degan taxmin paydo bo‘ladi.

Suiqasddan ikki kun o‘tib, Kennedini o‘ldirishda asosiy gumondor bo‘lgan Li Xarvi Osvaldni ham otib o‘ldirishadi

Komissiya xulosasi

Kennedi o‘ldirilgandan so‘ng AQSh prezidentligi lavozimi vitse-prezident Lindon Jonsonga o‘tadi. Yangi prezident tomonidan AQSh Oliy sudi rahbari Erl Uorren boshchiligida prezident Kennedi o‘limi sabablarini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiya tuziladi.

Komissiyaning 10 oylik faoliyati natijasida qotillik jinoyat paytida yolg‘iz harakat qilgan Li Harvi Osvald tomonidan amalga oshirilgan, degan rasmiy xulosaga kelinadi.

Biroq keyinchalik Kennedining o‘limi bilan bog‘liq gap-so‘zlar va hatto Osvaldning bu qotillikka daxli yo‘q ekani to‘g‘risida bir-biriga qarama-qarshi turli taxminlar ko‘payib ketadi.

1966 yilda Nyu-Orlean prokurori Jim Garrison suiqasd paytida olingan fotosuratlar va videolarga tayanib, Kennedi o‘ldirilishi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazadi.

U prezidentga suiqasdni MRB tomonidan tayyorlangan AQShdagi kubalik muhojirlarning Kastroga qarshi qo‘poruvchi guruhlari uyushtirgan deb topadi.

Garrison uch marta o‘q otilgan deb hisoblaydi. Prokuror asosiy tashkilotchi sifatida uchuvchi Devid Ferri va bankir Kley Shouni ko‘rsatadi.

Garrison o‘tkazgan tergov haqidagi ma’lumotlar ommaga e’lon qilinganidan bir necha kun o‘tgach Devid Ferri vafot etadi. Garrison ikki yillik tinglovlar davomida sudda Shouning aybini isbotlay olmaydi. Vakillar palatasi qo‘mitasi tomonidan uning tergov usullari shubhali deb topiladi.

Lindon Jonson va Jon Kennedi. O‘sha paytda vitse-prezident bo‘lgan Jonson Kennedi o‘ldirilgandan so‘ng AQSh prezidenti bo‘ladi.

MRB va FQB uchun savollar

Hodisa sodir bo‘lganiga 60 yil bo‘ldi, biroq o‘tgan yillar oralig‘ida AQShda Kennedi o‘ldirilishini tergov qilish masalasiga tez-tez qaytib turishdi.

Shu paytgacha e’lon qilingan ijtimoiy so‘rovlar natijalariga ko‘ra, AQSh aholisining 70 foizi qotillikning rasmiy versiyasiga ishonmaydi. 61 foizi esa Osvald yolg‘iz harakat qilmagan deb hisoblaydi.

Xulosa shuki, maxsus xizmatlarning barcha arxivlarini oshkor qilmasdan, Kennedi o‘ldirilishining rasmiy versiyasini o‘zgartira oladigan biron bir yangi faktni aniqlash qiyin.

Amerikalik kongressmen Stiv Koenning fikricha, razvedka idoralari Kennedining o‘ldirilishiga doir arxiv hujjatlarini chop etishni sekinlashtirishga harakat qilmoqda.

Chunki arxivdagi oshkor qilinmayotgan hujjatlar va fayllar MRB, FQB va boshqa idoralarning layoqatsizligi yoki qonunbuzarliklarini ko‘rsatishi mumkin.

Amerika jurnalistlari, prokurorlar va huquq faollari o‘tgan yillar davomida Kennedining o‘ldirilishi, shuningdek, bu qotillik ortida kim turgani bo‘yicha mustaqil surishtiruvlar olib borishdi.

Bu borada 600 dan ortiq kitob chop etiladi, bir qancha hujjatli filmlar ishlanadi. Biroq ularning birontasida o‘shanda Kennedini kim o‘ldirgani haqida aniq gaplar yo‘q. Barchasida turli taxminlar ilgari suriladi.

Kennedining o‘limida asosiy gumondorlar

KGB. Asosiy gumondor Li Harvi Osvaldning Amerika sotsialistik partiyasiga a’zoligi, bir necha yil SSSRda yashagani va suiqasddan biroz avval AQShga qaytgani, KGB xodimlari bilan doimiy aloqada bo‘lgani Kennedini sovetlar buyurtmasi bilan o‘ldirishgan degan gumonni asosiy o‘ringa olib chiqadi.

Vitse-prezident Lindon Jonson. Jonsonni ayblovchilar bunga asosiy sabab sifatida vitse-prezidentning Kennedilarni umuman yoqtirmaganini ko‘rsatishadi. Shuningdek, 1964 yilda bo‘ladigan saylovda Kennedi g‘alaba qozonsa, u Jonsonni vitse-prezidentlikka qo‘ymoqchi bo‘lmagan degan gaplar ham chiqadi. Bundan tashqari, manbalar Jonsonning Li Harvi Osvaldning qotili bo‘lgan Jyek Rubi bilan tanishligiga ishora qiladi.

MRB. Kennedi davrida Kubada Kastro tuzumini ag‘darish uchun tashkillashtirilgan isyon muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Shundan so‘ng Kennedi MRB direktori Allen Dallesni ishdan oladi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, Kennedi bo‘lajak saylovlarda g‘olib chiqqanidan so‘ng MRB faoliyatini maxsus tekshiruvdan o‘tkazishni rejalashtirgan. Shuning uchun ham MRB rahbariyati tekshiruvda noqonuniy ma’lumotlar jamoatchilikka ma’lum bo‘lishining oldini olish uchun «prezidentga qarshi fitnaga qo‘shilgan» degan qarashlar ham mavjud.

FQB direktori Jon Edgar Huver. Gumonlanuvchilar orasida aynan Huver ko‘proq shubha tug‘diradi. Suiqasd ortida u turgan bo‘lishi mumkin. Chunki 1960 yil kuzda o‘tkazilgan prezidentlik saylovida Huver zimdan Kennedining raqibi Richard Niksonni qo‘llagan. 1962 yilda MRB boshlig‘i Allen Dalles ishdan bo‘shatilgandan so‘ng ko‘pchilik Kennedi Jon Huverni ham ishdan olishini taxmin qila boshlaydi.

Kennedi va FQB rahbari Jon Edgar Huver. Kennedining o‘ldirilishi bo‘yicha tuzilgan gumondorlar ro‘yxatida Huver ham bor.

Huver FQBni 1924 yildan buyon boshqarib kelayotgandi. U o‘z amalida qolish uchun prezidentni o‘ldirgan degan taxminlar ham bor. Keyinchalik, Huverning vafotidan so‘ng Amerika matbuotida u FQB yurisdiksiyasini ko‘p bora buzgani va AQSh rahbarlari to‘g‘risida maxfiy ma’lumotlar to‘plab borgani hamda ulardan prezidentlarga bosim o‘tkazish uchun foydalangani to‘g‘risida materiallar chop etiladi.

Harbiy-sanoat kompleksi. Bu kompleks mamlakat qurolli kuchlari va uni ta’minlovchi mudofaa sanoati (jumladan, xususiy korporatsiyalar) o‘rtasidagi norasmiy ittifoq bo‘lib, u davlat siyosatiga ta’sir ko‘rsatadigan manfaat sifatida qaraladi.

1961 yil 17 yanvarda AQSh prezidenti general Duayt Eyzenxauer o‘z lavozimini tark etishidan oldin qilgan xayrlashuv nutqida xalqni harbiy-sanoat kompleksining qudrati oshib borayotganidan ogohlantirgan, hukumat ishlarida uning nojoiz ta’siridan ehtiyot bo‘lishga chaqirgandi.

Kubaliklar. Kennedi davrida Kubada Fidel Kastro tuzumini ag‘darib tashlash uchun bir qancha harakatlar qilingan va oqibatda SSSR-AQSh munosabatlari urush yoqasiga kelib qolgandi. Shuningdek, MRB tomonidan Kastroni yo‘q qilishga urinishlar ham bo‘lgan. Shu sababli kubaliklar ham suiqasd gumonlanuvchilari hisoblanadi.

Milliarder Aristotel Onassis. Kelib chiqishi grek bo‘lgan bu shaxs Kennedilar oilasi bilan 1958 yilda tanishadi va Kennedining xotini Jaklinni yoqtirib qoladi. Keyinchalik, 1963 yilda Jaklin Onassisning hashamatli yaxtasida dam oladi va bu haqdagi xabar OAVda e’lon qilinadi. Bundan xabar topgan prezident qattiq g‘azablanib, xotiniga tezda Vashingtonga qaytishni buyuradi.

Jaklin Kennedi va Aristotel Onassis nikohdan o‘tishmoqda. O‘sha paytda Onassis 62, Jaklin esa 39 yoshda bo‘lgan

Kennedi o‘ldirilgandan so‘ng besh yil o‘tgach, 1968 yilda Jaklin Onassisga turmushga chiqadi. Garchi milliarderning nomi gumondorlar ro‘yxatining oxirida kelsa ham qotilni u yollagan bo‘lishi ehtimoli ham bor.

Shuningdek, Kennedining o‘limida AQSh Federal zaxira tizimining o‘sha paytdagi rahbariyati, Texas neft magnatlari, uyushgan jinoiy to‘dalar (mafiya – Kennedi ularni yo‘q qilish uchun jiddiy choralar ko‘rgandi) asosiy gumondorlar hisoblanishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: