Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Kellog uning bo‘lg‘usi ma’muriyatida «prezident yordamchisi hamda Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakil» lavozimini olishini ma’lum qildi.
«Kit armiyada va biznesda ajoyib karera qilgan, jumladan, mening birinchi ma’muriyatimda milliy xavfsizlik bo‘yicha o‘ta muhim lavozimda ishlagan. U boshidan men bilan birga edi», — deb yozgan Tramp.
Kellogning nomzodi hali AQSh Senati tomonidan tasdiqlanishi kerak, biroq respublikachilar Kongressning yuqori palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritishi inobatga olinsa, Trampning yo‘lida hech qanday to‘siq bo‘lmasligi kerak.
Bungacha AQSh prezidentining Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha maxsus vakili lavozimiga (hozircha mavjud bo‘lmagan lavozim) da’vogarlar orasida Milliy razvedkaning sobiq rahbari, Germaniyadagi sobiq elchi Richard Grenell, AQShning Eron bo‘yicha sobiq maxsus vakili Brayan Huk hamda Rossiyada tug‘ilgan va u yerda 11 yil yashagan Tramp advokati Boris Epshteynning nomlari sanalgandi.
Kellog kim o‘zi?
Kellog Trampning birinchi bor prezidentlikka saylanganida o‘tish davri hukumatida mudofaa siyosati masalalari bilan shug‘ullangan, keyinroq, 2017 yil yanvaridan 2018 yil apreligacha AQSh Milliy xavfsizlik kengashi apparati rahbari, keyin esa o‘sha vaqtdagi vitse-prezident Mayk Pensning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan.
Jurnalistlar uni Donald Trampning sodiq tarafdori deb atashgan.
U «Amerika birinchi o‘rinda» (America First Policy Institute) siyosiy instituti hamraisi. Bu tashkilot 2021 yilda Trampning tashqi va ichki siyosat sohasidagi g‘oyalarini targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan.
Institut saytidagi Kellogning biografiyasida u «Yevropa, Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq va Afrika bo‘yicha katta tajribaga egaligi» qayd etilgan.
Shuningdek, u Amerikadagi konservativ Fox News telekanalida hamda liberal telekanal sifatida ko‘riluvchi CNN’da sharhlovchi bo‘lib ishlagan.
Kellogning Ukrainadagi urush bo‘yicha rejasi qanday edi?
Kellog shu yil bahorida «Amerika birinchi o‘rinda» siyosat instituti tomonidan tayyorlangan, Trampga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tezda tugatish bo‘yicha taklif qilingan reja hammualliflaridan biri bo‘lgandi.
«Amerika ovozi» yozishicha, bu reja detallari quyidagicha edi:
- AQSh o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘maklashishi va muzokaralar yo‘li bilan Ukraina mojarosini hal qilishga erishishi kerak. Shu bilan birga, Vashington bundan keyin ham Rossiyaning yangi hujumlarining oldini olish uchun Ukrainaga qurol yetkazib berishni davom ettiradi — ammo Kiyev tinchlik muzokaralariga rozi bo‘lishi sharti bilan. AQSh shuningdek Moskvani muzokaralardan bosh tortgan taqdirda Vashington Kiyevga yordam hajmini oshirishidan ogohlantiradi.
- Rossiyani muzokaralarda ishtirok etishga undash uchun, AQSh va NATOning boshqa mamlakatlari Ukraina a’zoligi masalasini «xavfsizlik kafolatlari bilan keng va nazoratda bo‘ladigan bitim» evaziga uzoq muddatga keyinga qoldiradi.
- Hisobot mualliflari yozishicha, Ukrainadan Rossiya bosib olgan barcha hududlarini qaytarib olish niyatidan voz kechish talab qilinmaydi. Ammo Kiyev bu maqsadga erishish uchun faqat diplomatik vositalar qo‘llanishi va jarayon uzoq vaqt olishi mumkinligiga ko‘nishi kerak bo‘ladi.
- Rossiya kelishuvga rozi bo‘lishi uchun, hujjat unga qarshi kiritilgan sanksiyalarni qisman bekor qilishni, shu bilan birga, Ukrainani tiklash ishlarini moliyalashtirish maqsadida Rossiya energiya mahsulotlari importi uchun bojlar kiritishni nazarda tutadi.
- Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, rejadan front chizig‘ini hozirgi holatida muzlatish taklifi ham o‘rin olgan.
Rossiya va Ukraina bunday taklifga rozi bo‘lmasliklarini bildirishgan
Tramp prezidentlikka saylansa, Ukrainadagi urushni bir kun ichida to‘xtatishni va’da qilgandi, ammr bunga qanday yo‘l bilan erishmoqchi ekaniga aniqlik kiritmagan. Saylangan prezident hozircha uning taklifi aynan «Amerika birinchi o‘rinda» siyosat instituti tomonidan tayyorlangan rejadan iborat bo‘lishini tasdiqlamagan.
Trampning muxoliflari u yordam berishni to‘xtatish bilan tahdid qilgan holda Kiyev uchun noqulay shartlarda (mojaroni muzlatish yoki hududiy yon berish) tinchlik kelishuvi tuzishga majburlashi mumkinligidan xavfsiramoqda.
Ammo Tramp bilan Nyu Yorkda o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin ukrainlar prezidenti Volodimir Zelenskiy suhbatdoshi uning dalillariga e’tiroz bildirmaganini aytgandi.
Ukraina vakillari esa bungacha ko‘p marta hech qanday hududiy yon berish yoki mojaroni muzlatishga rozi bo‘lmasliklarini bildirgan. Ukrain mulozimlarining fikricha, mojaroni muzlatish Rossiyaga faqat yangi hujumga yaxshiroq tayyorlanish uchun tanaffus beradi.
Joriy yil iyunida Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun o‘z shartlarini ma’lum qilgandi. Ular ukrain qo‘shinlarini Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlaridan (Rossiya bu regionlarni anneksiya qilishga urinmoqda) to‘liq olib chiqish, shuningdek, Kiyev NATOga kirish rejasidan voz kechishini o‘z ichiga oladi.
The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib ma’lum qilishicha, Tramp Kiyevga 20 yil davomida NATOga a’zo bo‘lmaslik shartini qo‘yishi mumkin. Buning evaziga Vashington Rossiya Federatsiyasining keyingi hujumlari oldini olish uchun Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda davom etadi. Uning taklifi urushni «muzlatish»ni nazarda tutadi – bu esa Rossiya Ukraina hududining taxminan 20 foizini o‘zida qoldirishini ta’minlashi mumkin.