Litva DHL yuk samolyoti halokatiga diversiya sabab bo‘lganligi haqida hech qanday ma’lumot topmadi va texnik muammolarni ko‘proq tushuntirish deb hisoblaydi, deya xabar qildi 27 noyabr, chorshanba kuni rasmiy shaxslar. «Hozirda bizda bor narsalarni inobatga oladigan bo‘lsak, bu qo‘poruvchilik bo‘lishi mumkinligiga ishonish uchun asos yo‘q», — deya Litva mudofaa vaziri Laurinas Kaschyunasning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Reuters.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vizual tahlillar qo‘nayotgan samolyotga hech qanday tashqi ta’sir ko‘rsatilmaganini ko‘rsatdi, omon qolgan ekipaj a’zolari bilan suhbatlar esa falokatdan oldin bortda hech qanday tartibsizlik yoki bezovtalik bo‘lmaganini, tutun va hid qayd etilmaganini aniqlashtirgan.
Inqirozlarni boshqarish milliy markazi rahbari Vilmantas Vitkauskasning aytishicha, tergovchilar hamon hodisaning texnik sababini izlamoqda. «Agar biz ko‘proq ma’lumot olsak, yo‘nalishni o‘zgartirishimiz mumkin, ammo hozir bizda u yo‘q», dedi u jurnalistlarga.
DHL reysi qulashi: Berbok «gibrid hodisani» istisno etmayapti
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Germaniyaning DHL logistika konserni yuk samolyotining Vilnyusda qulashi va bir kishining o‘limiga sabab bo‘lgan vaziyatda «gibrid hodisa» haqida gapirish mumkinligini istisno qilmadi. Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbarining 25 noyabr kuni aytgan so‘zlarini Reuters agentligi keltirdi.
«Biz — litvalik va ispaniyalik hamkorlarimiz bilan birgalikda bu baxtsiz hodisami yoki [...] boshqa gibrid voqeami, hozir qanday notinch vaqtlarda yashayotganimizni ko‘rsatishimiz kerak», — deya ta’kidladi Berbok.
«Germaniya hukumati Litva rasmiylari bilan nima bo‘lganini tushunish uchun juda yaqin hamkorlik qilmoqda», deya qo‘shimcha qildi u.