Turkiyaning Erzurum shahri mintaqaviy sudi o‘z qallig‘i - rossiyalik faol Anastasiya Yemelyanovani o‘ldirganlikda ayblangan Suriya fuqarosi Muhammad Nizar Arnabehga nisbatan oqlov qarorini bekor qildi. Bu haqda 26 noyabr, seshanba kuni "Mediazona" sud qaroriga tayanib xabar berdi.
12 noyabrdagi hujjatda aytilishicha, apellyatsiya komissiyasi oqlov hukmi ustidan berilgan shikoyatni asosli deb topgani uchun ishni yangidan ko‘rib chiqish uchun qaytarib yuborgan. Turkiyaning DHA nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Arnabeh 2025 yil yanvarida yana sud oldida javob beradi.
Anastasiya Yemelyanovaning o‘limi
Anastasiya Yemelyanovaning o‘limi haqida 2023 yil sentabr oyida ma’lum bo‘ldi, uning jasadi Erzurumdagi ijaraga olingan kvartiradan topilgan. Yemelyanovaning qallig‘i, Suriyada tug‘ilgan Muhammad Nizar Arnabeh qotillikda gumonlanib hibsga olingan. Ayblovga ko‘ra, Arnabeh Yemelyanovani kaltaklagan va oyog‘ini shisha bo‘lagi bilan kesib tashlagan, shundan so‘ng u qon yo‘qotishdan vafot etgan.
Tergov davomida Yemelyanovaning qallig‘i ko‘rsatmalarini bir necha bor o‘zgartirdi. Dastlabki bayonotga ko‘ra, janjal paytida u Yemelyanovani beixtiyor turtib yuborgan va u shisha stol ustiga qulagan. Ammo keyin Arnabeh qizning oyog‘iga shisha bo‘lagi bilan bir necha marta urganini tan oldi. Hatto keyinroq, u o‘sha kuni kechqurun uyda umuman bo‘lmaganini va ishdan qaytganida qallig‘ini kvartirada o‘lik holda topganini da’vo qila boshladi.
Turkiya sudi rossiyalik faolni o‘ldirishda ayblangan shaxsni oqladi
Turkiyaning Erzurum shahar jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi sudi may oyi oxirida o‘zining qallig‘i, rossiyalik femaktivist Anastasiya Yemelyanovani o‘ldirishda ayblangan Suriya fuqarosi Muhammad Nizar Arnabehni oqlagandi.
32 yoshli Yemelyanovaning jasadi 2023 yil sentabrida Erzurumdagi ijaraga olingan kvartiradan topilgan, u o‘zining qallig‘i, 29 yoshli Arnabeh bilan ko‘chib kelgan. Erkak qasddan odam o‘ldirishda ayblangan. Turkiya prokuraturasi Arnabeh uchun umrbod qamoq jazosini talab qildi.
Yemelyanovalar oilasining advokati Begum Osma sud qaroridan afsusda ekanini bildirib, apellyatsiya huquqidan foydalanishga va’da bergandi.