Tuman (shahar)larda atmosfera havosining ifloslanishini fon monitoringi qilishning 347 ta avtomatlashtirilgan kichik stansiyasini xarid qilish va o‘rnatish rejalashtirilgan. Hujjat bilan avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarning manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.
Ifloslantiruvchi manbalarni sifatli monitoring qilish uchun tasdiqlangan jadvalga ko‘ra, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar (atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish I toifasi – 2025 yil 1 iyulgacha, II toifasi – 2025 yil oxirigacha) quyidagilarni ta’minlashlari kerak:
ustuvor turg‘un (tashkillashtirilgan) ifloslantirish manbalaridan atmosfera havosiga chiqariladigan tashlamalarni monitoring qilishning avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarini o‘rnatish;
yuqori samarali chang va gazni tozalash qurilmalari hamda mahalliy suv tozalash inshootlarini yangilariga almashtirish va mavjudlarini modernizatsiya qilish;
xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning sanitariya-himoya zonalarini avtomatlashtirilgan statsionar kuzatuv postlari bilan jihozlash.
O‘rnatiladigan yangi chang-gazni tozalash uskunasining samaradorligi kamida 99,5 foiz, mavjud modernizatsiya qilinadigan uskunalarniki – kamida 95 foiz, yangi va modernizatsiya qilinadigan mahalliy suv tozalash inshootlariniki – kamida 80 foiz bo‘lishi kerak.