Dunyodagi eng keksa erkak deya tan olingan Jon Alfred Tinnisvud Buyuk Britaniyadagi qariyalar uyida 112 yoshida vafot etdi. Bu haqda Tinnisvudning oilasiga tayanib Mirror xabar berdi.
Tinnisvud 1912 yil 26 avgustda dunyoga kelgan — o‘sha yili «Titanik» cho‘kib ketgan va Xitoydagi Tsin sulolasining 268 yillik boshqaruvi yakuniga yetgan. Erkak ko‘plab texnologik yutuqlarni boshdan o‘tkazgan va u ko‘pincha «samolyotlar harakatlanish vositasiga aylanganidan keyin dunyo kichraydi», derdi.
2024 yil aprelda Jon Alfred Tinnisvud dunyodagi eng keksa erkak sifatida tan olingan va Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. O‘shanda Tinnisvud 111 yoshda edi, avgustda esa u o‘zining 112 yoshini nishonlagan. Undan bir nafar qiz, to‘rt nafar nabira va uch evara qoldi.
Tinnisvudga qadar venesuelalik Xuan Vinsente Peres Mora dunyodagi eng keksa erkak deya hisoblab kelingan. U joriy yilning aprelida 114 yoshida vafot etgandi.
Sentyabr o‘rtalarida yaponiyalik ayol dunyodagi eng keksa odam deb topilgan va 116 yoshdan oshgan ayolga Ginnesning rekordlar kitobi sertifikati topshirilgan edi.