Zomin tumanida qotillikka qo‘l urgan ota va o‘g‘il jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, Zomin tumanining Turkman mahallasida yashovchi, 54 yoshli H.H va uning 2001 yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 3-bosqich talabasi bo‘lgan o‘g‘li E.Ya. qotillik jinoyatiga qo‘l urgan: ota va o‘g‘il ularga qo‘shni bo‘lgan er-xotinni qasddan urib o‘ldirgan.
H.H. va uning yon qo‘shnisi S.M. o‘rtasida oldindan nizo bo‘lgan. Bu kelishmovchiliklar ba’zida janjallarga aylanib turgan. 2024 yilning may oyidagi navbatdagi janjal esa qotillik bilan tugadi.
2024 yil 5 may kuni yon qo‘shnining o‘g‘li B.M. sudlanuvchi H.H.ning turmush o‘rtog‘i G.H. bilan janjallashib qolgan. Oqibatda B.M. ayolning bosh qismiga tayoq bilan urib, jarohat yetkazgan. Bundan jahli chiqqan H.H. va uning o‘g‘li E.Ya. jinoiy reja tuzgan.
Rejaga ko‘ra, ota va o‘g‘il 2024 yil 15 may kuni soat 13-30 larda qo‘shnisi S.M. Lacetti mashinasida turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda uyiga qaytayotganda qo‘llariga temir bo‘laklarini ko‘targan holda yo‘lni to‘sib, tahdid qilgan holda mashinani to‘xtatgan. So‘ngra H.H. S.M.ni kuch bilan mashinadan tortib tushirib, qo‘lidagi temir bo‘lagi bilan uning bosh, yelka, ko‘krak qafasi va boshqa duch kelgan joyiga urib, og‘ir tan jarohatlari yetkazgan.
Bu paytda S.M.ning turmush o‘rtog‘i mashinaning orqa o‘rindig‘idan tushib, qocha boshlagan. E.Ya. uning orqasidan quvib borib, ushlab olgan hamda mashina yoniga sudrab kelgan holda qo‘lidagi temir bilan bosh qismiga bir necha marotaba urgan.
Shundan so‘ng ota va o‘g‘il Lacetti mashinasi ichiga qurigan o‘t-o‘lanlarni solib, yoqib yuborgan.
S.M. (17 may kuni shifoxonada) va uning turmush o‘rtog‘i olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
H.H. sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lib, bu ishni o‘zi qilganini, o‘g‘lining aloqasi yo‘qligini bildirgan.
“2002 yil S.M.ning akasi U.M.dan uy sotib oldim. Shundan boshlab S.M. va uning aka-ukalari meni ko‘chib ketsin deb janjal qila boshlashdi.
O‘sha kuni S.M.ning o‘g‘li xotinimni urgani uchun qasos olish maqsadida temir ko‘tarib oldiga chiqqandim. Temir bo‘lagi bilan S.M.ni 4 marta, turmush o‘rtog‘ini 3 marta urdim.
Mashinani yoqayotganimni hech kim ko‘rmadi. O‘g‘lim bu janjalga aralashmadi”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.
Sudda E.Ya. aybiga iqrorlik bildirmagan. Ammo uning qilmishi guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa dalillar bilan o‘z isbotini topgan.
Sudning hukmi bilan H.H va o‘g‘li E.Ya. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a,j,p” (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish) bandlari va 173-moddasi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Otaga 20 yil, o‘g‘ilga 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Har ikkisiga jazoning dastlabki 3 yilini turmaga qamash tarzida o‘tattirish belgilangan.