O‘zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi (IHT) doimiy vakili, elchi Nodirjon Turg‘unov tashkilot bosh kotibi Husayn Ibrohim Tohaga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Qayd etilishicha, IHT bosh kotibi doimiy vakilning ishonch yorliqlarini qabul qilar ekan, uni ushbu lavozimga kirishishi bilan tabriklab, mas’uliyatli missiyasini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tilagan.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va IHT o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilgan. Tomonlar, shuningdek, ta’lim, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsiyalar kabi muhim yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni faollashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirgan.
«Bosh kotib O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi, ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasini ta’kidlab, mamlakatimiz tarixan islom olamining ilmiy kashfiyotlar, falsafiy tafakkur va ma’naviy meros markazi bo‘lganini alohida ta’kidladi», — deyiladi xabarda.
Nodirjon Turg‘unov 2024 yil mart oyida O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi sifatida Ar-Riyod shahriga tashrif buyurgan edi. Diplomat 2016 yildan beri TIV tizimida. O‘tgan yillar davomida Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. Xususan, 2019-2021 yillarda O‘zbekistonning Oqtov shahrida (Qozog‘iston), 2021-2024 yillarda esa Jidda shahrida (Saudiya Arabistoni) bosh konsul bo‘lib ishlagan.
Nodirjon Turg‘unov 2018-2024 yillarda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi va bosh qarorgohi Jidda shahrida joylashgan Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili lavozimlarida ishlagan Ulug‘bek Maqsudov o‘rniga tayinlangan.