G‘arbdagi yirik kompaniyalar rahbarlari urush sharoitiga tayyor turishi hamda tegishli tartibda o‘zlarining ishlab chiqarish va taqsimlash tarmoqlarini yo‘lga qo‘yishi kerak. Bu haqda NATO Harbiy qo‘mitasi raisi Rob Bauer ma’lum qildi.
«Agar biz har qanday sharoitda hayot uchun muhim barcha xizmatlar va tovarlarning yetkazib berilishini ta’minlay olsak, bu bizning to‘xtatib turuvchi kuchimizning asosiy qismi bo‘ladi», — deydi Bauer.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dushmanni to‘xtatib turish deyilganda faqat harbiy imkoniyatlar nazarda tutilmaydi, balki urush sharoitidagi barcha mavjud vositalardan foydalanish ham uning ichiga kiradi.
«Biz buni zimdan amalga oshirilayotgan aktlar soni oshib borayotgani misolida ko‘ryapmiz, Yevropa esa buni energiya yetkazib berilishiga bog‘liq vaziyatda his qilib ko‘rdi. Biz «Gazprom» bilan bitim imzoladik deb o‘ylagan edik, ammo aslida janob Putin bilan bitim tuzgan ekanmiz. Xuddi shu narsa Xitoy infratuzilmalari va tovarlariga ham bog‘liq. Biz aslida Si Jinpin bilan bitim imzolayapmiz», — deydi u.
Bauer g‘arb davlatlarining Xitoydan yetkazib beriladigan mahsulotlarga bog‘lanib qolganini ta’kidladi — kamyob tuproq materiallarining 60 foizi ushbu davlatda ishlab chiqariladi va 90 foizi qayta ishlanadi. Admiralning so‘zlariga ko‘ra, sedativ vositalar, antibiotiklar, yallig‘lanishga qarshi dorilar va qon bosimini davolashga mo‘ljallangan dori vositalari ham aynan Xitoydan olib kelinadi.
«Kommunistik partiya bu kuchdan foydalanmaydi deb o‘ylasak, juda go‘l bo‘lamiz. Yevropa va Amerikadagi biznes rahbarlari o‘zlari qabul qilayotgan tijoriy yechimlar mamlakat xavfsizligi uchun strategik oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkinligini tushunishlari lozim. Biznes urush ssenariysiga tayyor turishi va o‘z ishlab chiqarishi hamda taqsimlash zanjirini shunga moslashi kerak», — deydi Bauer.
O‘tgan seshanba kuni Frankfurter Allgemeine Zeitung (FAZ) gazetasi Germaniya Qurolli kuchlari (Bundesver) Rossiya bilan ehtimoliy urushga tayyorgarlik ko‘rish uchun kompaniya vakillariga tushuntirish ishlarini olib borishni boshlaganini yozgandi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat harbiy bosqin holati uchun «Nemis tezkor rejasi» nomli maxfiy hujjatni tayyorlab qo‘yganini ma’lum qildi. Unda, xususan, harbiy maqsadlar vaqtida alohida himoyalash kerak bo‘lgan barcha inshoot va infratuzilma obektlari keltirilgan. Shuningdek, hujjatdan mudofaa holati uchun batafsil harakatlar rejasi ham o‘rin olgan.
Bundan tashqari, Yevropa sharqida NATO va Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv holati uchun maxsus reja ham ishlab chiqilgan. Bunday holatda Germaniya askarlar, harbiy texnikalar, oziq-ovqat va tibbiyot vositalarini frontga yuboradigan transport xabiga aylanishi kerak. Hujjat qariyb ming varaqdan iborat.
Avvalroq Putin Rossiya Shimoliy Atlantika alyansi bilan urushmoqchi emasligini, chunki AQShning mudofaa xarajatlari RFnikidan bir necha barobarga ko‘p ekanini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u Moskva Yevropaga hujum qilishga tayyorlanayotgani aytilgan bayonotlarga ishonmaslikka chaqirgan.