O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
G‘azo sektorida oziq-ovqat yetishmovchiligi kuchaymoqda.
Isroilning hujumlari va qamali tufayli G‘azo aholisi oziq-ovqat, ayniqsa, un yetishmovchiligiga duch kelmoqda. Bu holat ocharchilik xavfi sabab xalqaro hamjamiyatda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.
BMT vakili Stefan Dyujarrikning ma’lum qilishicha, G‘azoda humanitar yordamga suyanib ishlayotgan 19 ta nonvoyxonadan faqat 7 tasi ishlamoqda.
Isroil qamali zarur mahsulotlarning yetkazilishiga monelik qilmoqda, bu esa ko‘plab nonvoyxonalarning faoliyatini to‘xtatishiga olib kelgan.
BMTning UNRWA tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, G‘azo aholisining unga bo‘lgan ehtiyojining faqat 6 foizi nazorat-o‘tkazish punktlari orqali qoplanmoqda.
Isroilning hujumlari yana qurbonlarga sabab bo‘lmoqda.
G‘azo sektori markazida ikki uyga nisbatan amalga oshirilgan Isroil havo hujumlari oqibatida 6 falastinlik halok bo‘ldi, ko‘plab kishi yaralandi.
Halok bo‘lganlar orasida ikki nafar bola ham bor. Hujumlar Burayj va Al-Mag‘ozi qochoqlar lagerlariga nisbatan uyushtirilgan.
2023 yilning 7 oktyabridan buyon Isroilning G‘azo sektoriga amalga oshirgan hujumlari natijasida halok bo‘lganlar soni 44 ming 211 nafarga yetgan.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 415 kundan beri Isroilning qurolli hujumlari to‘xtamay kelmoqda. Faqat so‘nggi kunning o‘zida 35 kishi halok bo‘ldi, yana 94 kishi yaralandi.
Livandagi vaziyat
Isroilning hujumlari oqibatida Livanda majburiy ko‘chirilgan aholi vakillari soni 1,8 milliondan oshdi.
Aniqroq aytiladigan bo‘lsa, 2023 yil 8 oktyabrdan buyon Isroilning Livanga qarshi harbiy harakatlari natijasida 1 mln 862 ming 790 kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Shulardan faqat 190 ming 102 nafari hukumat tomonidan tashkil etilgan boshpanalarga joylashtirilgan.
Hozirda mamlakat bo‘ylab 1177 ta vaqtinchalik turar joy markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda, ulardan 976 tasi to‘lib bo‘lgan. Bundan tashqari, 624 mingdan ortiq kishi Livandan Suriyaga ko‘chib o‘tgan.
Isroil armiyasi o‘tgan yilning 8 oktyabridan buyon Livan hududiga 14 mingga yaqin havo hujumi amalga oshirgan.
BAAda o‘ldirilgan ravvin
BAA xavfsizlik xizmatlari va Isroilning «Mossad» xizmati BAA hududida ravvin Tsvi Koganning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari olib bormoqda. Ravvin chorshanba kuni bedarak yo‘qolgan edi.
Isroilning rasmiy manbalari ma’lum qilishicha, Tsvi Kogan «Xabad» tashkiloti vakili bo‘lib, BAAda o‘g‘irlangan.
«Mossad» Koganning Eron bilan bog‘liq guruh tomonidan o‘ldirilganini taxmin qilmoqda. Tergovga ko‘ra, ushbu guruh O‘zbekiston fuqarolarini yollagan bo‘lishi ham mumkin. Ular ravvinni o‘g‘irlab, o‘ldirib, so‘ngra Turkiyaga qochgani gumon qilinmoqda. Ayni paytda gumondorlarning shaxsiga aniqlik kiritilgan.
Avvalroq BAA Ichki ishlar vazirligi ravvin Tsvi Koganning yaqinlari tomonidan uning yo‘qolganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgani va uning o‘tgan payshanba kunidan beri aloqaga chiqmaganini ma’lum qilgan edi.
Bu orada Tsvi Koganning mashinasi, keyinroq uning jasadi ham topilgan. Hozir murdani o‘rganish jarayonlari olib borilmoqda.
Isroil Bosh vaziri ofisi va tashqi ishlar vazirligi o‘z qo‘shma bayonotida buni «antisemitcha va terroristik harakat», deb atadi. Tsvi Kogan isroillik okkupatsion kuchlarning «Givati» brigadasida xizmat qilgan va BAAdagi yahudiy jamoasida ravvin yordamchisi lavozimida ishlagan.
U G‘azo sektori markazida o‘zining birinchi uyini qurishni va’da qilgan edi.
Rossiya-Ukraina urushi
Rossiya hududi uzra 34 ukrain droni yo‘q qilindi. Rossiya Qurolli kuchlari dronlar Kursk, Lipetsk, Belgorod va Oryol oblastlari ustida urib tushirilganini ma’lum qilmoqda.
Eng ko‘p dron bir qismi ukrain askarlari tomonidan egallangan Kursk oblasti uzra urib tushirilgani ta’kidlanmoqda — 27 ta. Kursk viloyati gubernatori Aleksey Smirnovning ma’lum qilishicha, rossiya havo hujumida mudofaa tizimlari ushbu hududda 2 ta ukrain raketacini ham yo‘q qilgan.
Ukraina ham Rossiyaning 50 ta dronini yo‘q qilganini ma’lum qildi. Ukraina qurolli kuchlarining xabariga ko‘ra, havo hujumidan himoya tizimlari Kiyev, Cherkassk, Kirovograd, Chernihiv, Sumi, Poltava va Jitomir oblastlari uzra dronlarni urib tushirgan.
Bu orada Ukraina G‘arbdan yangi HHH tizimlarini so‘rayotgani ma’lum qilindi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga Rossiyaning «Oreshnik» singari o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketalaridan himoyalanish uchun G‘arbdan qo‘shimcha HHH tizimlarini yetkazib berishni so‘ragan.
«Ukraina sheriklari Rossiyaning shantajidan qo‘rqmasdan, Ukrainaning havo hujumlaridan himoyasini kuchaytirish uchun barcha imkoniyatlarni ishlatishi kerak», — deb yozgan Sibiga X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Ukrainaga NATOga hali erta
AQSh prezidenti Jo Bayden hozircha Ukrainaga NATOga qo‘shilish taklifini yubormaslikka qaror qildi, deb yozmoqda Bloomberg agentligi. Oq uy qisqa muddatli istiqbolda bu taklifning muvaffaqiyatli chiqishi ehtimoli kamligini hisobga olgan holda, bu g‘oyadan voz kechgan.
Bundan tashqari, Bayden ma’muriyati Donald Trampning 2025 yil 20 yanvarda bo‘lib o‘tadigan inauguratsiyasigacha Ukraina uchun xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama kafolatlar ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, Oq uy va Pentagon Ukraina mudofaasi uchun Kongress tomonidan ajratilgan so‘nggi 9 milliard dollar mablag‘ni tezlik bilan ishlatishga harakat qilmoqda. Davlat kotibi Entoni Blinkenning ma’lum qilishicha, Bayden «har bir dollar o‘z vaqtida va maqsadli sarflanishini ta’minlash»ga va’da bergan.
Vashington Kiyevga zarur HHH tizimlari, artilleriya va zirhli texnika yetkazib berishga kafolat bermoqda.
Bloombergʼga ko‘ra, Bayden Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni ko‘paytirishda cheklovlarga ham duch kelmoqda. Qolgan mablag‘lar faqat Pentagon zaxirasidagi qurol-yarog‘larni ishlatishga sarflanishi mumkin. Ammo bu zaxiralarning haddan tashqari qisqarishi AQShning o‘z mudofaa qobiliyatiga xavf tug‘dirishi mumkin.
AQSh Rossiyadan cho‘chimayapti
17 noyabr kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga Rossiya hududi ichkarisiga qarata uzoq masofaga mo‘ljallangan ATACMS raketa tizimlarini qo‘llashga ruxsat bergan edi.
Ruxsat berilgandan keyin ikki kun ichida Ukraina ATACMS raketalari orqali Rossiyaning Bryansk oblasti Karachev shahri yaqinidagi qurol-aslaha omboriga sakkizta zarba berdi.
The Hill nashri muallifi Dov Zakhaymning fikricha, Baydenning bu qarorini uning prezidentlik muddati yakuniga yetib borayotgani va Rossiyaning yadroviy tahdidlaridan so‘nggi paytlarda qo‘rqmasligi bilan izohlash mumkin. Rossiyaning bunday tahdidlari hali amalga oshmagan.
Senator Lindsi Grehemning fikricha, Tramp Ukraina va Vashington manfaatlariga mos ravishda urushni tugatishi mumkin.
Gremga ko‘ra, Ukraina Yevropada eng katta kamyob va qimmatbaho yerosti resurslariga ega mamlakat. Uning bu resurslari qiymati 2 trlndan 7 trln dollargacha baholanadi.
Shuningdek, Ukraina rivojlanayotgan dunyo uchun oziq-ovqat ombori hisoblanadi, Afrikaga yuboriladigan barcha oziq-ovqatning 50 foizi Ukrainadan boradi.
«Ukrainlar Rossiya emas, ularning biz bilan kelishuvga tayyorligi juda muhim. Shuning uchun, Rossiya bu hududni egallamasligiga ishonch hosil qilish bizning manfaatimizga javob beradi», — degan Grehem.
2050 yilgacha iqlim o‘zgarishi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesusning ta’kidlashicha, 2050 yilga kelib iqlim o‘zgarishi tufayli 1,2 milliardgacha odam o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lishi mumkin.
Gebreyyesusning fikricha, iqlim inqirozi, avvalo, inson salomatligiga, ayniqsa, migrantlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Gebreyyesus migrantlar salomatligi masalalarini BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Ramkali konvensiyasi tomonlarining 29-konferensiyasi deklaratsiyasiga va kelgusi COP yig‘ilishlariga kiritishni talab qildi.
Uning ta’kidlashicha, tez o‘zgarayotgan dunyoda barcha uchun zarur tibbiy xizmatlarga kirish imkoniyatini ta’minlash uchun birgalikda ishlash juda muhim.