Yaponiyada odamlarni yuvintiradigan kir mashinasi ixtiro qilindi

Fan-texnika 18:20 1668

1970 yilgi Yaponiya Butunjahon ko‘rgazmasida kiyim emas, odamlarni “yuvadigan” g‘ayrioddiy kir yuvish mashinasini namoyish etilgan, biroq o‘sha paytda bu g‘oya tijoriy muvaffaqiyatga erishmagandi. Science Co. kompaniyasi esa Mirai Ningen Sentakuki — insonlarga mo‘ljallangan kelajak kir yuvish mashinasini taqdim etdi. Uning ko‘rinishi reaktiv qiruvchini eslatadi.

Kompaniya raisi Yasuaki Aoyamaning aytishicha, qurilma tomi shaffof kabinadan iborat, markazda o‘rindiq joylashtirilgan. Unga odam o‘tirganda, kabina ichidagi bo‘shliq issiq suv bilan to‘ladi.

Maxsus datchiklar maksimal qulay haroratni sozlash uchun foydalanuvchining pulsi va boshqa biologik ma’lumotlarini o‘lchaydi. O‘rnatilgan sun’iy idrok tizimi esa odamning hissiy holatini nazorat qilib, uni tinchlantiruvchi maxsus tasvirlarni ekranda namoyish qiladi.

Bir kishini yuvintirib, quritish uchun 15 daqiqa ketadi. Mashina 2025 yil bahorida Osaka shahrida o‘tkaziladigan Butunjahon ko‘rgazmasida ommaga namoyish etiladi. Ko‘rgazma davomida ko‘ngillilar uni sinab ko‘rishi mumkin.

E’tiborlisi shundaki, Aoyama bolaligida 1970 yilgi ko‘rgazmada taqdim etilgan kir mashinasining ilk namunasini ko‘rgan. O‘sha paytda bu g‘oya uni juda hayratga solgan, chunki ko‘pchilik uylarda hatto oddiy hammom yo‘q edi.

O‘shanda ishlab chiqaruvchilar qurilmani 1970 yil uchun aql bovar qilmas funksiyalar — suvni avtomatik to‘ldirish, ultratovush to‘lqinlarini tarqatish va hatto tanani massaj qiladigan sharikchalar bilan jihozlagan.

Ko‘proq yangiliklar: