Xalqaro sud qarori: Netanyaxu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?

Jahon 10:33 5153
G‘azo markazidagi Bureyj qochqinlar lageridagi vayron bo‘lgan uylar orasida yurgan falastinlik bola. Foto: Muhammad Sabr / EPA-EFE

21 noyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu va uning sobiq mudofaa vazirini urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun hibsga olishga order berdi. Bu order Rim statutini ratifikatsiya qilgan mamlakatlarga Isroilning yuqoridagi mansabdorlari qadam qo‘ysa, ularni hibsga olish majburiyatini yuklaydi.

Xalqaro sud, Isroil rasmiylariga ko‘ra G‘azoda o‘ldirilgani aytilayotgan, Hamas harbiy yetakchisi Muhammad Deyfni hisbga olish uchun ham order bergan. Sud prokurorlari uning o‘limini tasdiqlay olmagani uchun buyruqni ma’qullaganini aytgan. Shuningdek, Hamasning boshqa yetakchilari Ismoil Haniya va Yahyo Sinvar Isroil tomonidan o‘ldirilgani tasdiqlangach, ular uchun yana ikkita order arizasi bekor qilindi.

Washington Post nashrining yozishicha, Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Gallantga qo‘yilgan ayblar Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlari bilan bog‘liq. Urushda o‘n minglab falastinliklar o‘ldirildi, 2 millionga yaqin odam mamlakat ichkarisida ko‘chishga majbur bo‘ldi. Sektor sog‘liqni saqlash tizimi va infratuzilmasining katta qismi vayron qilindi. Sud bayonotida aytilishicha, Netanyahu va Gallant u yerdagi jinoyatlar: urush usuli sifatida tinch aholini ochlikda qoldirish, shuningdek, qotillik, ta’qib va boshqa g‘ayriinsoniy harakatlar uchun javobgarlikni zimmalariga olishlariga yetarli asoslar topilgan.

Muhammad Deyf esa 2023 yil 7 oktyabrda Hamas harbiylari Isroilga hujum uyushtirgani uchun insoniyatga qarshi jinoyatlar: qotillik, qiynoqlar, zo‘rlash va garovga olinganlarni o‘g‘irlashda ayblangan. Hamas o‘sha hujumda mingdan ortiq isroillikni o‘ldirgani va yana 250 kishini G‘azoga asirlikka olib ketgani aytilmoqda.

Huquqshunoslar sud qarori muhimligini ta’kidlagan. 124 davlat, jumladan Yevropadagi AQShning ko‘pchilik ittifoqchilari o‘z hududiga Isroil bosh vaziri kirsa, uni hibsga olishga majbur bo‘ladi. Shu bilan birga Isroil ham, AQSh ham XJS sud nizomini imzolagan emas. Ekspertlar Hamas vakilining ham tarkibga kiritilishi 7 oktabr hujumlari qurbonlari uchun adolat yo‘lida muhim qadam bo‘lganini aytishmoqda.

Sud bosh prokurori Karim Xon orderlar e’lon qilingandan keyin bergan bayonotida imzo chekuvchilardan «ushbu sud qarorlarini hurmat qilish va ularga rioya qilish orqali» nizom bo‘yicha «o‘z majburiyatlariga amal qilish»ni so‘radi. «Men qonun hamma uchun mavjudligini, uning roli barcha insonlar huquqlarini himoya qilish ekanligini ta’kidladim», dedi u.

Xalqaro jinoyat sudi bosh prokurori Karim Xon Foto: ICC

Isroil bosh vaziri Netanyahu sud qaroriga munosabatida «soxta va bema’ni ayblovlarni butunlay rad etishini» aytdi va sudni «noxolis va kamsituvchi siyosiy organ», deb atadi. Gallant ham bu qarorni qoralab, bu «Isroil va Hamas yetakchilarini bir darajaga qo‘yishi»ni aytgan.

AQSh Milliy Xavfsizlik Kengashi vakili Qo‘shma Shtatlar sud qarorini tubdan rad etishini hamda «prokuratura hibsga olish uchun order berishga shoshilganidan qattiq xavotirda» ekanligini bildirdi.

«Qo‘shma Shtatlar XJS bu masala bo‘yicha yurisdiksiyaga ega emasligini aniq aytdi. Hamkorlar, jumladan Isroil bilan kelishilgan holda biz keyingi qadamlarni muhokama qilmoqdamiz», — deydi AQSh rasmiysi.

Kuni-kecha AQSh prezidenti Jo Bayden Xalqaro jinoyat sudining Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga order chiqarish qarorini «taajublanarli» deb baholadi.

«HJSning Isroil rahbarlariga order chiqarishi mutlaqo noto‘g‘ri. Isroil va Hamasni tenglashtirib bo‘lmaydi, bunday ekvivalentlik yo‘q», — degan Bayden Oq uy saytida e’lon qilingan bayonotida. AQSh prezidentining ta’kidlashicha, Vashington Isroilni xavfsizligiga tahdid qilingan har qanday sharoitda qo‘llab-quvvatlaydi.

Joriy yil may oyida AQSh prezidenti Jo Bayden sud prokurorlarining order olish uchun ariza berish haqidagi qarorini tanqid qilgan va AQSh Isroil tomonida bo‘lishini aytgan edi.

Cudning qarori Isroil G‘azo va Livandagi harbiy amaliyotlari ortidan tinch aholi vakillarining halok bo‘layotgani va humanitar fojia yuzaga kelgani yuzasidan xalqaro tanqidlar kuchayib borayotgan bir paytda qabul qilindi. Xususan, G‘azo sog‘liqni saqlash rasmiylari 21 noyabr kuni Isroil hujumlarida kamida 71 kishi halok bo‘lganini, 7 oktyabrdan buyon urushdagi umumiy qurbonlar soni 44 ming kishidan oshib ketganini aytdi.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi halok bo‘lganlarning aksariyati ayollar va bolalar ekanini aytmoqda. Isroil esa Hamas tinch aholi orasida joylashayotganini aytib, kasalxonalar, maktablar, masjidlar va turar joy hududlariga qilayotgan hujumlariga sabab qilib ko‘rsatmoqda.

G‘azoda faoliyat olib borayotgan humanitar yordam agentliklarining aytishicha, Isroil siyosati sektorga yordam yetkazib berishni to‘sib qo‘yish va falastinliklarni majburiy ko‘chirishda davom etmoqda. Bu esa hududni ochlik yoqasiga olib kelgan.

«Sudning dastlabki xulosasiga ko‘ra, bu shunchaki harbiy amaliyotlar yoki shahar urushining ayanchli oqibatlari emas, balki tinch aholiga qarshi hujumlar bo‘lgan», — deya Rutgers universiteti huquq professori Adil Hakening so‘zlarini keltirmoqda nashr.

Agar Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?

Ayblov xulosasiga ko‘ra, agar ular hibsga olinsa, sud jarayonlari boshlanadi. Bunga qadar sud muhokamasi bo‘lmaydi, sudning «sirtdan» sud jarayonini o‘tkazish huquqi yo‘q.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallant. Foto: Al-Jazeera

Londondagi Qirolicha Meri universitetining inson huquqlari bo‘yicha professori, Britaniya Yaqin Sharq tadqiqotlari jamiyati vitse-prezidenti Neve Gordon Al-Jazeera nashri bilan suhbatda XJS qarorida kuchli da’vo borligini aytdi. Isroil rahbarlarining harakatlarini isbotlash juda oson bo‘ladi.

«Isroil 20 yildan beri G‘azo sektorida ochlikdan qurol sifatida foydalanmoqda. Menimcha, oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanish niyati Isroil rahbarlarining bayonotlari va Isroil harbiylarining amaliyotidan aniq. Buni isbotlash oson bo‘ladi deb o‘ylayman”, – degan Gordon.

Xabarlarga ko‘ra, G‘azo sektoridagi barcha 36 kasalxona nishonga olindi. Tez yordam mashinalari va sog‘liqni saqlash xodimlari deyarli to‘xtovsiz portlash kampaniyalari ostida qolmoqda. Shu kabi ko‘plab dalillar prokurorining order berilganlarga qarshi ishni olib borishga yordam beradi.

«Ayrim shaxslar qonundan yuqorida, degan fikrni yo‘q qiladi»

Netanyahu va Gallant endi hibsga olinishi mumkin bo‘lganligi sababli, 21 noyabrgacha bo‘lgani kabi xalqaro miqyosda sayohat qilish qiyin bo‘ladi. Chunki Xalqaro Jinoyat Sudining Rim statutini imzolagan 124 davlatning barchasi, agar ular ushbu mamlakatlarga sayohat qilsa, ularni hibsga olishga qonuniy ravishda majburdir. Lekin AQSh bu kelishuvni imzolamagan.

Bundan tashqari, XJSda ijro etish vakolatlari yo‘q va o‘z politsiya kuchiga ega emas. Sud, 2023 yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan, biroq Putin hibsga olinmagan. Shunga qaramay, inson huquqlari tashkilotlari order berish qarorini olqishlamoqda.

Human Righs Watch'ning katta maslahatchisi Bolkis Jarrohga ko‘ra, «Xalqaro jinoyat mahkamasi Isroilning yuqori martabali rahbarlari va HAMAS rasmiysiga qarshi hibsga olish uchun order berishi – ayrim shaxslar qonundan yuqorida, degan fikrni yo‘q qiladi».

«XJS o‘z mandatini samarali bajara oladimi yoki yo‘qmi, hukumatlar qayerda va kim tomonidan suiiste’mol qilinishidan qat’i nazar, adolatni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligiga bog‘liq bo‘ladi. Bu orderlar nihoyat xalqaro hamjamiyatni vahshiyliklarni bartaraf etishga hamda Falastin va Isroildagi barcha qurbonlar uchun adolatni ta’minlashga undashi kerak».

Tahlilchilarga ko‘ra, XJS qarori G‘arb davlatlari, xususan, Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib beruvchi Germaniya va Buyuk Britaniya kabi Yevropa davlatlari uchun keng ko‘lamli ta’sir ko‘rsatadi.

«Agar Isroil rahbarlari insoniyatga qarshi jinoyatda ayblansa, demak, Yevropa davlatlari yuborayotgan qurollar jinoyat sodir etishda foydalanilgan. G‘arb davlatlari endi o‘zlarining savdo kelishuvlarini qayta ko‘rib chiqishlari kerak», — deydi siyosiy tahlilchi.

Xalqaro jinoyat sudiga qo‘llov kerak

Xalqaro jinoyat sudining Netanyahuni hibsga olish bo‘yicha orderi e’lon qilingach bir qancha davlatlar uni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi.

Xususan, Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp birinchilardan bo‘lib o‘z mamlakatini XJS talablariga rioya qilish majburiyatini bildirdi. U, agar Netanyahu yoki Gallant Niderlandiya tuprog‘iga qadam qo‘ysa, ular hibsga olinishini aytdi.

Fransiyadagi Yevropa va tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Kristof Lemuan ham uning hukumati order talabini bajarishini aytdi. «Biz to‘liq mustaqil ish yurituvchi sud prokurorining harakatini qo‘llab-quvvatlaymiz. Jazosizlikka qarshi kurash bizning ustuvor vazifamizdir... Shuning uchun bizning munosabatimiz ushbu tamoyillarga muvofiq bo‘ladi», — degan u.

Shuningdek, Irlandiya Tashqi ishlar vazirligi payshanba kuni Xalqaro jinoyat sudini qo‘llab-quvvatlovchi bayonot e’lon qildi. «Barcha davlatlarni sudga putur yetkazishga urinishlarsiz, uning mustaqilligi va xolisligini hurmat qilishga chaqiramiz».

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo ham sud qarorini bajarishini bildirdi. «Biz kanadaliklar, shunchaki xalqaro sud qarorlariga rioya qilishga majburmiz», degan Tryudo.

Hamasning G‘azodagi siyosiy byurosi a’zosi Bosim Naim Netanyahu va Gallantga order berishni «xalqaro adolatga sodiqligini ko‘rsatadigan birinchi qadamdir», deb atagan. Unga ko‘ra, «agar dunyoning barcha mamlakatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasa, xalqaro sud qarori cheklangan va ramziy bo‘lib qoladi». U Deyf uchun berilgan order haqida gapirmadi.

Xalqaro jinoyat sudi sudyasi Xon shu yil may oyida Netanyahu va Gallantga qarshi ayblovlar qo‘ymoqchi ekanligini e’lon qilgach, shiddatli «siyosiy bo‘ron»ga sabab bo‘ldi. Isroil mahkamaga qarshi kuchli lobbizm boshladi.

Yevropa Kengashining xalqaro siyosiy aloqalar bo‘yicha katta mutaxassisi Entoni Dvorkin «sud va xalqaro huquq ustuvorligining tarixiy qo‘llab-quvvatlovchilari sifatida barcha Yevropa davlatlari... sudni mustaqil organi sifatida qo‘llab-quvvatlashlarini ochiq aytishlari kerak», degan.

Oksford universitetining global xavfsizlik professori Janina Dillning ta’kidlashicha Netanyahu hamon G‘azodagi urushni boshqarmoqda, u hibsga olish uchun orderga asos bo‘lgan insonparvarlik yordami kirishi, urushdagi xatti-harakatlar haqida qaror qabul qilmoqda.

«Menimcha, Isroilning G‘azodagi urushini har qanday moddiy yoki diplomatik qo‘llab-quvvatlash – davom etayotgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlarni qo‘llab-quvvatlash xavfini tug‘diradi», dedi Dill.

Ko‘proq yangiliklar: