Toshkentda uy-joyga investitsiyalar daromadliligi tushib bormoqda

O‘zbekiston 10:18 3524

Toshkent shahrida uy-joyga investitsiyalar daromadliligi tushib bormoqda. Xususan, 2024 yil fevralda poytaxtda ko‘p qavatli uy-joyga investitsiyalarning daromadliligi o‘rtacha 32,4 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, oktyabrda ushbu ko‘rsatkich 12,2 foizgacha tushdi. Ushbu ko‘rsatkich uy-joy joylashgan hudud va xonalar sonidan kelib chiqib, bir biridan sezilarli darajada farqlanadi:

1 xonali: Mirzo Ulug‘bek – 2,3 foiz (fevralda – 25,7 foiz), Shayxontohur – 17 foiz (50 foiz);
2 xonali: Sergeli – 7,4 foiz (19,4 foiz), Shayxontohur – 17,2 foiz (59 foiz);
3 xonali: Bektemir – 3,2 foiz (33,7 foiz), Yunusobod – 13,7 foiz (48,7foiz);
4 xonali: Bektemir – 2 foiz (37,9 foiz), Yunusobod – 17 foiz (39,8 foiz).

Uy-joyning investitsion daromadliligi uy-joy narxlari yillik o‘zgarishidan olinadigan daromad hamda ularni ijaraga berishdan keladigan yillik daromad yig‘indisi asosida hisoblangan.

2024 yil fevralda poytaxtda uy-joy va ijara narxlari nisbatan yuqori bo‘lgan hudud — Shayxontohur tumanida uy-joy narxlari ko‘tarilishi hisobiga ko‘rilishi mumkin bo‘lgan foyda o‘rtacha 35,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, oktyabr oyida ushbu ko‘rsatkich 5,5 foizgacha tushdi. Shuningdek, oktyabrda uy-joy narxlari o‘zgarishidan olinadigan o‘rtacha daromad Mirobod (23,2 foizdan 1,9 foizga) va Yakkasaroy (16,1 foizdan 3,5 foizga) tumanlarida sezilarli darajada pasaygan.

Mirzo Ulug‘bek va Uchtepa tumanlarida uy-joy narxlarining o‘sishdan deyarli to‘xtashi yoki bir oz arzonlashishi natijasida oktabr oyida mazkur hududlarda uy-joy narxlari o‘zgarishidan olinadigan o‘rtacha daromadlilik mos ravishda -2,6 foiz va -2,4 foizni tashkil etgan (fevral oyida 24,6 foiz va 15 foiz). 

2024 yil oktyabrda uy-joylar ijarasidan olinadigan yillik o‘rtacha daromad Shayxontohur tumanida 10 foiz (fevralda 11,6 foiz), Mirobod tumanida 9,8 foiz (10,4 foiz), Yakkasaroy tumanida 9,5 foizni (10,5 foiz) tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich ijara narxlari nisbatan arzonroq bo‘lgan tumanlar — Sergelida 9,3 foiz (8,4 foiz), Uchtepada 9,7 foiz (8,6 foiz), Chilonzorda 9,3 foiz (9,3 foiz) va Olmazorda 9,1 foizni (9,4 foiz) tashkil etgan. Ushbu raqamlar ijaradan keladigan o‘rtacha daromad o‘sishi sekinlashganidan dalolat beradi.

Daromadlilik darajasi bo‘yicha 1 va 2 xonali xonadonlarning investitsion jozibadorligi yuqori hisoblanadi. 2024 yil fevral oyida 1 va 2 xonali xonadonlarga yo‘naltirilgan investitsiyalar daromadliligi mos ravishda 35,6 foiz va 30,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, oktyabr oyida ushbu ko‘rsatkichlar 16,7 foiz va 12,2 foizga tushdi. Mazkur davrda 3 va 4 xonali xonadonlar uchun ham daromadlilik ko‘rsatkichi sezilarli darajada tushgan (mos ravishda 10,1 foiz (fevralda 33 foiz) va 9,9 foiz (30,3 foiz).

Ko‘proq yangiliklar: