Nyu-York shtati sudi AQShning saylangan prezidenti Donald Trampga nisbatan siyosatchi saylovoldi tashviqoti jamg‘armasi hisobidan sobiq aktrisa Stormi Denielsga to‘lovlar ishi bo‘yicha hukm chiqarishni noma’lum muddatga qoldirdi. Sudya Xuan Merchanning qarori 22 noyabr, juma kuni shtat sud tizimining veb-saytida e’lon qilindi.
Kechiktirishga Trampning advokatidan ham, uning ishi bo‘yicha prokurordan ham iltimosnomalar kelib tushgani sabab bo‘ldi, dedi Merchan. Okrug prokurori hukmni boshqa muddatga o‘tkazishni so‘radi, biroq sudya bu sana bo‘yicha tafsilotlarini keltirmadi. Siyosatchining himoyasi sudga qo‘shimcha hujjatlar taqdim etmoqchi. Sud Oq uy sobiq rahbarining advokatlariga 2 dekabrgacha muhlat berdi, shundan so‘ng ayblov tomoni himoyachilarning vajlariga javob berishi kerak – 9 dekabrgacha.
Dastlab Trampga bir necha yillardan beri cho‘zilib kelayotgan ish bo‘yicha hukm chiqarilishi kerak bo‘lgan majlis 26 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi. Merchan yakuniy sud majlisining yangi sanasini ma’lum qilmadi.
Sobiq model Trampni tegajog‘likda aybladi
Sobiq model Steysi Uilyams AQSh prezidentligiga nomzod Donald Trampni tegajog‘lik qilganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu 1993 yilda sodir bo‘lgan, deb yozdi The Guardian.
Uilyams 1990-yillarda model sifatida ishlagan. 1993 yilda u do‘sti Jyeffri Epshteyn bilan Trampning uyiga borgan. Uilyams so‘zlariga ko‘ra, shu yerda Tramp unga tegajog‘lik qilgan. «U meni o‘zimni jirkanch his qilishga majbur etdi va men butunlay sarosimaga tushganimni eslayman», dedi Uilyams.
AQSh sobiq prezidenti Donald Trampni tegajog‘lik qilganlikda birinchi marta ayblanayotgani yo‘q. Xususan, 2023 yil may oyida Manhetten federal sudi hakamlar hay’ati Trampni jurnalist va yozuvchi Jin Kerrollga jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda aybdor deb topdi. Hakamlar hay’ati Tramp Kerrollni zo‘rlaganiga ishonmadi, lekin unga qarshi «jinsiy harakatlar» qilgan degan qarorga keldi. Trampning o‘zi bu ayblovlarni rad etib, Jin Kerrollni tanimasligini aytdi.