Avstriyada suv quvuri ustasi 30 kilogramm og‘irlikdagi tilla tangalar yashirilgan xazinani topib oldi, ularning qiymati 2 million funt sterlingga (2,5 mln dollar) baholanmoqda, deb xabar berdi The Sun nashri.
Villalardan birining yerto‘lasi polidan chiqib turgan arqon xazinaga ilk ishora bo‘lgan, boshqa quruvchilar unga e’tibor bermagan edi. Santexnik qiziqib, arqonni tortdi, ammo xazinani chiqara olmadi. Shunda u belkurak bilan betonni urib, ichida oltin tangalar bo‘lgan qutini topdi. Tangalarda avstriyalik bastakor Motsartning tasviri bor edi. Bu qimmatbaho buyumlar Ikkinchi jahon urushi davrida yashirilgan deb taxmin qilinmoqda.
Ilgari bu yerto‘lada ishlagan boshqa ishchilar topilma haqida eshitib, afsuslandi. Ulardan biri arqonni ko‘rgan, lekin unga tegmay qo‘ya qolgan. Avstriya qonunlariga ko‘ra, xazina santexnik va villa egasi o‘rtasida teng taqsimlanadi. Bu esa quvur ustasiga 1 million funt sterling to‘lanishini anglatadi.
Bunday topilmalar dunyoning turli burchaklarida uchrab turadi. Avvalroq O‘rta dengizda g‘avvos 2000 yillik tarixga ega 30 mingta qadimiy tangadan iborat xazinani topgandi. Suv ostida qolgan boylikning qiymati taxminan 2,5 million funt sterlingni tashkil etadi. Biroq g‘avvos xazinani Italiya hukumatiga topshirdi.
Yaqinda Turkiyaning g‘arbiy qismidagi qadimgi yunon No‘tion shahri hududida o‘tkazilgan qazishmalar paytida taxminan 2000 yil avval yashirilgan xazina — oltin tangalar solingan ko‘za topildi. Tangalar No‘tiondan taxminan 96 kilometr uzoqlikda joylashgan qadimiy Sardis shahrida zarb etilgan bo‘lishi mumkin. Qadimgi yunon tarixchisi Ksenofontning aytishicha, bitta tanga qiymati bir askarning oylik xizmati uchun to‘lanadigan maosh miqdoriga teng bo‘lgan.
Unga qadar Germaniyada havaskor arxeolog metall qidiruvchi yordamida 3000 ga yaqin qadimgi Rim tangalaridan iborat xazinani topgandi. U topilma haqida hokimiyatga xabar bergan, keyinchalik mutaxassislar qazish ishlarini olib borgan. Topilma olimlarni hayratga soldi, chunki xazina Rim imperiyasi chegaralaridan tashqarida va mashhur german qishloqlaridan ancha uzoqda yashirilgandi. Xazinaning ayrim tangalari Rimda zarb etilgan bo‘lsa-da, ularning ko‘pchiligi Kelnda tayyorlangan — o‘sha paytda bu shahar Galliya imperiyasi tarkibiga kirardi.