Donald Tramp AQSh bosh prokurori lavozimiga yangi nomzodni tanladi. Avvalgi nomzod — kongressmen Mett Gets giyohvand moddalar iste’mol qilishda va voyaga yetmaganlar bilan aloqada ayblangani sabab o‘z nomzodini chaqirib olgandi.
Yangi nomzod Floridaning sobiq bosh prokurori 59 yoshli Pen Bondi bo‘lib, u mazkur lavozimda 2011 yildan 2019 yilga qadar faoliyat yuritgan (va bu lavozimga tayinlangan birinchi ayol hamdir).
2019 yili Trampning hokimiyatni suiiste’mol qilish ayblovlari bo‘yicha birinchi impichmenti paytida Pem Bondi uning advokatlaridan biri bo‘lgan. U boshqa jinoiy ishlarda ham Trampni qo‘llab-quvvatlashga kelgan va mazkur ishlarni yuritgan prokurorlarni tanqid qilgan. Shuningdek, Bondi Tramp administratsiyasining sobiq xodimlari tomonidan asos solingan America First siyosat institutida huquq va adliya bo‘limi raisdoshlaridan hisoblanadi.
Bondi Trampning eski tarafdorlaridan. Yangi saylangan prezident Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga Bondini uzoq yillardan beri bilishini va prokuror lavozimida u «jinoyatchilarga qarshi juda qattiq» turganini va ko‘chalarni Florida aholisi uchun xavfsizga aylantirgani haqida yozib qoldirdi. «Partiyaviy Adliya vazirligi juda uzoq vaqt men va boshqa respublikachilarga qarshi qurol bo‘lib keldi — endi bunday bo‘lmaydi. Pem Adliya vazirligini yangi vazifalarga — jinoyatga qarshi kurashish Amerikani yana xavfsiz qilishga qaratadi», — deb yozadi Tramp.
13 noyabr kuni Tramp Vakillar palatasining Respublikachilar partiyasidan a’zosi Mett Getsni bosh prokuratura va AQSh Adliya vazirligi rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Saylangan prezident fikricha, Gets Amerika chegaralarini himoya qilib, «jinoiy guruhlarni yakson etadi va amerikaliklarning Adliya vazirligiga singan ishonchini tiklaydi».
2021 yilda AQSh Adliya vazirligi Getsni jinsiy qullik maqsadida odam savdosi bilan shug‘ullanishda ayblab, tergov boshlagan. Kongressmen 17 yoshli qiz bilan jinsiy aloqa qilishda va o‘zi bilan safarlarda birga yurishi uchun pul to‘lashda gumon qilgan. U bu ayblovlarni rad etgan. 2023 yil fevralida vazirlik tergovni yakunlagan hamda unga qarshi ayblovlar qo‘ymagan. The Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, ayblov tomoni ish bo‘yicha ikki asosiy guvohning ko‘rsatmalarini shubhali deb topgan.
21 noyabr kuni Gets o‘z nomzodini chaqirib olishini e’lon qildi. Uning aytishicha, o‘zi atrofidagi mashmashalar «Tramp va Vens jamoasi e’tiborini muhim ishlardan asossiz chalg‘itadi».