Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev — mamlakat bosh vaziri, Prezident administratsiyasi rahbari, barcha huquq-tartibot idoralari rahbarlari va hokimlarga Ukraina atrofdagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan asosiy harbiy va fuqarolik obektlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishni topshirdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Berik Uali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qozog‘iston parlamenti palatalari raislariga ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berilgan, ishlar shaxsan To‘qayevning nazoratida.
«Davlatimiz uchun barqarorlik, osoyishtalik, qonun va tartibni saqlash asosiy strategik maqsaddir. Qozog‘iston bir necha bor ikki slavyan xalqi o‘rtasidagi adovatni to‘xtatish masalasini muzokaralar yo‘li bilan hal etish kerakligini ta’kidlagan», — deyiladi bayonotda.
17 noyabr kuni AQSh Ukrainaga ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat berdi, Ukraina 19 noyabr kuni ilk bor Rossiya hududiga, Bryansk oblastiga ATACMS zarbasini yo‘lladi. 20 noyabr kuni esa ukrainalik harbiylar Britaniyaning Storm Shadow raketalari bilan Kursk oblastiga hujum qildi.
21 noyabr kuni Rossiya Ukrainaga yangi tipdagi o‘rta masofali «Oreshnik» ballistik raketasi bilan zarba berdi. Vladimir Putin buni AQSh va Britaniya qurollari bilan Rossiyaga qilingan so‘nggi hujumlariga javoban amalga oshirilganini ma’lum qildi.