Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 noyabr kuni Ukrainaning G‘arbda ishlab chiqarilgan uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalar bilan Rossiya hududiga berilgan zarbalariga javoban Rossiya nima qilgani haqida kutilmaganda batafsil ma’lumot berdi. Xususan, u Dniprodagi «Yujmash» korxonasiga «Oreshnik» eksperimental ballistik tizimi orqali uyushtirilgan hujum haqida gapirdi.
Bu qurol haqida Putinning so‘zlaridan tashqari juda kam ma’lumot bor. Meduza «Oreshnik» qaysi raketaning «bolasi» ekani, bunday raketa bilan berilgan zarbasi nechog‘lik kuchli bo‘lishi mumkinligi, AQSh Rossiya prezidentining bu bayonotiga qanday javob qaytarishi hamda Putin nega G‘arb tomon tahdidlarini oshkora bildirishda davom etayotgani haqida Rossiya yadroviy siyosati bo‘yicha ekspert, Kuins universiteti Xalqaro va mudofaa siyosati markazining ilmiy xodimi, Defense News nashri muxbiri Maksim Starchak bilan suhbat o‘tkazdi.
— Putin Rossiya Dniprodagi «Yujmash» zavodiga «Oreshnik» kompleksi raketalari bilan zarba berilganini aytdi. Agar bu yangi qurol bo‘lsa, u haqda niman deyish mumkin? «Oreshnik»ning Kiyev tomonidan dastlab zarba berilgan, deya e’tirof etilgan «Rubej» raketasidan farqi nimada?
— Pentagon va boshqa ekspertlarning fikricha, «Oreshnik» raketa tizimi RS-26 «Rubej» raketaci modifikatsiyasining ayni o‘zi. «Rubej» — 2010-yillarda yaratilgan raketa bo‘lib, seriyali ishlab chiqarishga olinmagan. Rossiya uni qit’alararo raketa sifatida taqdim qilgan. G‘arb tahlilchilari uni RSD-10 «Pioner» o‘rta masofaga uchadigan raketa o‘rnini bosuvchi qurol sifatida ko‘rmoqda. Bu esa 1987 yilda tuzilgan O‘rta va qisqa masofali raketalar bo‘yicha shartnoma buzilganini anglatadi, chunki bu raketa ishlab chiqilgan paytda shartnoma amalda bo‘lgan.
Endi esa Putindan bu o‘sha o‘rta masofalarga mo‘ljallangan «Oreshnik» raketa tizimi ekanini eshitdik. Ammo [hozircha uning bu so‘zlariga] hech qanday dalil yo‘q. Agar u «Rubej»ning modifikatsiyasi bo‘lsa, demak, raketa qit’alararo uchish masofasiga ham ega bo‘lishi mumkin. U holda Rossiya amaldagi DSNV-3 (Yadroviy qurollarni qisqartirish shartnomasi) shartlarini ham buzgani anglashiladi.
— Chindan ham, Putin aytib o‘tganidek, 10 Max (2,5-3 km/s) tezlikka ega bu raketalarga qarshi raketa yoki havo hujumidan mudofaa tizimi darajasida chora yo‘qmi?
— Birinchidan, bu raketa rostdan ham bunday tezlikka erisha olishi mumkinligini aniq bilmaymiz — Kremlning bu kabi masalalarda bo‘rttirishga moyilligi bor. Ikkinchidan, Moskvaning o‘zi ham raketa yoki havo hujumidan mudofaa tizimlari bunday raketani urib tushira olish-olmasligini aniq bilmasligi ham mumkin. Bunday raketani sinab ko‘rmasdan yoki haqiqiy jangovar sharoitlarda uni urib tushirishga harakat qilmasdan turib, bunday da’volar shunchaki quruq gapdir.
— Putinning so‘zlariga ko‘ra, raketa «yadrosiz» bo‘lgan. Demak, undan yadroviy qurol sifatida ham foydalanish mumkin. Agar shunday bo‘lsa, bu qanday miqyosdagi xavfni keltirib chiqaradi? Nazariy jihatdan bunday qurol yordamida qanday kuchdagi zarba berish mumkin?
— Raketa, albatta, yadroviy kallak bilan ham jihozlanishi mumkin. Agar «Rubej»ni yodga olsak, uning parvoz masofasi 6 ming kilometr, har biri 0,3 megatonna quvvatga ega to‘rtta yadroviy kallakni tashish qobiliyatiga ega bo‘lishi taxmin qilingan edi. Dniproga berilgan zarba videosida yettita kallak alohida portlagani ko‘ringan, ammo ularning soni 8 ta bo‘lishi ehtimoli katta. Agar massa taxminan o‘shancha bo‘lgan desak, ularning har biri 0,15 megatonnani tashkil qiladi. Agar qo‘polroq hisob-kitob qilinsa, bu Hiroshimaga tashlangan bomba quvvatidan o‘n barobar kuchli bo‘lishi mumkin.
— Putinning aytishicha, hozirgi keskinlikning asosiy sababi AQShning O‘rta va qisqa masofali raketalarni cheklash shartnomasidan chiqishi bo‘lgan. Siz AQSh shartnomani tark etgan 2019 yildagi voqealarni qisqacha eslab o‘ta olasizmi? Bu qadamni chindan ham o‘shanda keskinlik tomon eltuvchi qadam sifatida baholash mumkinmidi?
— AQShning Havo hujumidan mudofaa shartnomasidan chiqishi va bir qator davlatlarda, xususan Xitoyda raketalar dasturining rivojlanishi oqibatida Rossiya uchun O‘rta va yaqin masofali raketalar to‘g‘risidagi shartnomaning ahamiyati yo‘qolgan edi. AQSh 2008 yildan beri Rossiyani shartnomani buzganlikda va 500 kilometrdan ortiq masofaga yerdan uchiriladigan qanotli raketalarni sinaganlikda gumon qilib kelgan. Avvaliga Barak Obama ma’muriyati Moskva bilan diplomatik yo‘llar orqali muammoni hal qilishga uringan, keyin esa Donald Tramp va uning jamoasi shartnomani bajarishni talab qilgan, aks holda AQSh shartnomani tark etishini aytgan.
Bunga javoban Moskva AQShni Aegis Ashore yerlashgan tizimi o‘rta masofali raketalarni uchira olish qobiliyatiga ega ekanlikda aybladi. Hech qanday natijaga erishilmaganidan so‘ng, 2019 yilda avval AQSh O‘rta va yaqin masofali raketalar to‘g‘risidagi shartnomani tark etdi, keyin esa Rossiya ushbu shartnomani bajarishni to‘xtatdi.
Fikrimcha, Rossiya mazkur shartnomani tark etishni anchadan buyon xohlab kelgan va bunga turli bahonalar izlagan. An’anaviy harbiy kuchlari zaif va katta armiyalar bilan qurshab olingan mamlakat uchun bu shartnoma manfaatli emasdi, aslida. Putinning hozirgi bayonotlari esa javobgarlikni boshqalarga yuklashga urinishdir.
— Sizningcha, O‘rta va yaqin masofali raketalar to‘g‘risidagi shartnomani tark etish chog‘ida AQSh prezidenti Tramp bo‘lgani fakti nechog‘lik muhim? Putinning kechagi tanqidini Baydenning ketayotgan ma’muriyati emas, Tramp ma’muriyatiga qarata qilgan, deya talqin qilish mumkinmi?
— Ha, agar o‘shanda ma’muriyat demokratik bo‘lganida ehtimol AQSh shartnomani tark etmagan bo‘larmidi. Biroq bu hol Rossiyaga raketalar dasturini rivojlantirishga to‘sqinlik qilolmasdi va hozirda biz Putindan Dniproga o‘rta masofali raketa emas, balki qit’alararo raketa bilan zarba berilganini eshitgan bo‘lardik.
Bunaqa emasligini isbotlab ko‘ring-chi keyin. Albatta, Tramp bu bayonotni eshitib, kelishuvga erishish kerakligini tushunib yetdi deb o‘ylamayman. Aksincha, u Rossiyaning shartnomalarni chindan ham buzganiga ishonch hosil qilgan va AQSh ham shunday raketa yaratib, uni namoyish qilish kerak, deb xulosa qilgan bo‘lishi mumkin.
— Sizningcha, endi voqealar rivoji qanday bo‘ladi? Putinning tahdidlari jiddiy qabul qilinishi va masalan, AQShning Kiyevga ATACMS raketalari bilan Rossiya ichkarisiga zarbaga berilgan izn bekor qilinishi mumkinmi? Yoki yanada keskinlashuvning davom etishi realroq variant bo‘lib ko‘rinmoqdami?
— Men bir narsani unchalik tushunmayapman, ballistik raketa bilan zarbadan so‘ng o‘zi nima o‘zgardi? Rossiya Ukrainaga oldin ham ehtimoliy yadroviy kallaklarni tashiy oluvchi raketalar bilan zarba bergan. Bular — «Kinjal», «Tsirkon», X-55, X-101. Endi esa ballistik raketa bilan. Ha, bu bir qaraganda qo‘rqinchli eshitiladi, ammo hech narsani o‘zgartirmaydi.
Bunday raketalarning ta’sir kuchi katta bo‘lishi uchun ularning soni kamida yuzdan oshishi kerak. Hozir esa ular barmoq bilan sanarli, eng yaxshi holatda o‘ndan sal oshadi. Ballistik (Putin aytganidek gipertovushli va yadroviy kallaksiz) raketa va uning uchirilishi juda qimmatbaho «hashamat». U yetkazadigan talafot esa qilingan xarajatlarga nisbatan bir necha barobar kichik. Bunday hujumlarning samaradorligi juda past, ammo shov-shuvi katta. Putin aynan informatsion shov-shuv keltirib chiqarishga urinmoqda.
— SSSR/Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi «sovuq» urush tarixida Putinning murojaatiga o‘xshash holatlar bo‘lganmi? Yoki bunday oshkora ziddiyat yadroviy mubohasada yangi janrmi?
— Urush bormoqda va Putin o‘z rejasini amalga oshirish hamda G‘arbning ishtirokini kamaytirish uchun mavjud har qanday chorani ishga solmoqda. Harbiy mashqlar, shartnomalardan chiqish, Belarusda taktik yadroviy qurollarni joylashtirish, yangi doktrina, «Oreshnik» — bularning barchasi faqat qo‘rquv uyg‘otish va joriy siyosatga ta’sir ko‘rsatish uchun. Bu taktik qadamlar OAV va jamoatchilikni xavotirga soladi, shubha va qo‘rquv paydo qiladi. Jamoatchilik esa o‘z navbatida G‘arb davlatlaridagi saylanadigan siyosatchilarga ta’sir ko‘rsatadi. Moskva bunday strategiya ish berishiga umid qilmoqda.