20 noyabr, chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiya Federatsiyasining to‘qqizta mintaqasi – Novgorod, Kursk, Oryol, Belgorod, Tula, Tver, Bryansk, Moskva va Smolensk oblastlariga Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) tomonidan hujum qilindi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. Uning versiyasiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainaning 44 ta samolyot tipidagi dronlarini yo‘q qilgan va tutib olgan.
Ertalab HHM Bryansk oblastida uchta Ukraina uchuvchisiz uchog‘ini, Oryol va Belgorod oblastlari uzra yana ikkita uchuvchisiz uchoqni urib tushirdi, deya xabar qildi mudofaa idorasi.
Astra: Bosh raketa-artilleriya boshqarmasi arsenaliga hujum qilindi
Novgorod oblasti gubernatori Andrey Nikitin raisligida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, Kotovo posyolkasi aholisi Okulovka shahridagi vaqtinchalik yashash markazlariga joylashtirilgan.
Astra Telegram-kanali xabariga ko‘ra, Kotovo posyolkasida Rossiya Mudofaa vazirligining Bosh raketa-artilleriya boshqarmasining 13-arsenaliga hujum qilingan. Gubernator arsenalga qilingan hujum faktini tasdiqlamadi.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenkoning so‘zlariga ko‘ra, dronlar haqiqatan ham arsenalga zarba bergan.
Astra yozganidek, UUA Samara oblastiga ham zarba berdi, Sosnovka posyolkasiga kirish yo‘llari to‘sib qo‘yilgan, uning yonida neft ombori joylashgan, mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, dronlar aynan unga hujum qilishga uringan. Neft omboriga qilingan hujum rasman tasdiqlanmagan.
Avvalroq Voronej oblasti Kamenskiy rayonida uchuvchisiz uchish apparatlari sanoat korxonasiga hujum qilgani ma’lum bo‘lgan edi. 19 noyabr kungi hujum haqida mintaqa gubernatori Aleksandr Gusev ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap beshtadan ortiq dron haqida ketyapti. Rasmiy qaysi obektga zarba berilganiga aniqlik kiritmadi, lekin u «faqat fuqarolik mahsulotlarini» ishlab chiqarishini aytdi.
Korxonada yong‘in sodir bo‘ldi, biroq bir muncha vaqt o‘tgach, u o‘chirildi, deya qo‘shimcha qildi Gusev. Xodimlar evakuatsiya qilindi. Gubernator qurbonlar yo‘qligiga ishontirdi. Hududda dron hujumlari xavfi saqlanib qolmoqda, deya ta’kidladi rasmiy.
Astra kanaliga ko‘ra, Voronej oblastidagi asosiy korxonalardan biri - Yevdakovskiy yog‘-moy kombinati hisoblanadi.
Putin Rossiyaning yangilangan yadroviy doktrinasini tasdiqladi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Rossiya Federatsiyasining yadroviy tiyib turish sohasidagi davlat siyosati asoslarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Farmon 19 noyabr kuni huquqiy axborot portalida e’lon qilindi va darhol kuchga kirdi.
Yangilangan doktrinaga ko‘ra, «yadroviy davlat ko‘magida har qanday yadroviy bo‘lmagan davlat tomonidan Rossiya Federatsiyasi va uning ittifoqchilariga tajovuz qilish», shuningdek yadroviy bo‘lmagan vositalar, shu jumladan dronlar bilan ommaviy havo hujumi uyushtirish yadroviy zarba uchun asos bo‘ladi.