Yil boshidan buyon 878 ta dorixona (295 ta ulgurji va 583 ta chakana) tomonidan 107 773 ta holatda iste’molchilardan 7 mlrd so‘mdan ziyod ortiqcha to‘lovlar undirilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berishicha, tekshiruvlar natijalariga ko‘ra ortiqcha to‘langan mablag‘lar iste’molchilarga qaytarildi.
Jumladan, 405 ta dorixonada (162 ta ulgurji va 243 ta chakana) dori vositalari narxlari oshirilgani sababli asossiz ravishda olingan 2 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ 58 318 ta holatda iste’molchilar foydasiga qayta hisoblab chiqilib, ularning huquqlarini tiklash choralari ko‘rildi.
Dori vositalari narxlarining oshirilishi yuzasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqarolardan 800 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularni ko‘rib chiqish natijasida 100 mln so‘mga yaqin pul mablag‘ iste’molchilarga qaytarilgan.
2023 yil may oyida Raqobat qo‘mitasi FAIR Tech axborot tizimida alohida modulni joriy qilgandi. «Soliq» mobil ilovasi orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilish bilan bog‘liq kvitansiyalarning QR kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda belgilangan ustamalardan ortiq miqdor aniqlansa, tizim avtomatik ravishda qo‘mitaga bildirishnoma yuboradi. Keyin ortiqcha miqdor iste’molchiga qaytariladi.