Putin Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor - Reuters

Jahon 11:16 / 21.11.2024 7683

Bu haqda Rossiyaning Kreml rejalaridan boxabar amaldagi va sobiq besh mulozimiga tayanib Reuters agentligi xabar bermoqda. Agentlikning qayd etishicha, bu Tramp vositachiligida tuzilgan kelishuvlarda Putin nimalarga tayyor ekanligi to‘g‘risidagi ilk informatsiya hisoblanadi.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hokimiyati umuman olganda hozirgi front chizig‘ida mojaroni muzlatishga rozi bo‘lishi mumkin. Rossiya tomoni o‘zi 2022 yilning sentabrida anneksiya qilgan Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarini aniq bo‘lib olishni muhokama qilishga tayyor. Ikki mulozim Reutersʼga Rossiya shuningdek, o‘zi egallab turgan Xarkiv va Mikolayiv oblastlarining unchalik katta bo‘lmagan hududlarini tashlab chiqishga ham tayyorligini bildirgan.

2024 yilning noyabriga kelib, Rossiya Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarining jami 78 foiz hududini nazorat qilmoqda, bu holatda Donetsk oblastining 65 foizi okkupatsiya qilingan. Qrim hisobga olinmasa, Rossiya Ukraina hududining 86,8 ming kilometr kvadrat hududini o‘z nazoratiga olgan. Qrim hisobga olinsa, 2024 yilning noyabri o‘rtalariga kelib Rossiya armiyasi Ukraina hududining 18,8 foizini egallab olgan. Ukraina harbiylari Rossiyaning Kursk oblastida 650 kilometr kvadrat maydonini nazorat qilmoqda.

Reuters manbalarining aytishicha, Rossiya Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishiga ham, shimoliy alyans qo‘shinlarining Ukraina hududida hozir bo‘lishiga ham toqat qilolmaydi, biroq u Kiyevga taqdim etiladigan xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilishga tayyor. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Kreml Ukrainadan o‘z qurolli kuchlarini qisqartirishga rozi bo‘lishni talab qilishi va zimmasiga rus tilidan foydalanishni cheklamaslik talabini olishni ham so‘rashi mumkin.

Manbalardan birining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya anneksiya qilingan hududlarning katta qismini ushlab turgani bois, Putin o‘z mamlakati ichkarisida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni Ukraina sharqidagi rusiyzabon aholini himoya qiluvchi va Qrim ko‘prigini saqlab qoluvchi g‘alaba sifatida taqdim etishi mumkin. Reuters bilan so‘zlashgan barcha mulozimlar Qrimning kelajagi muhokama qilinmasligini aytishgan.

O‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv qanday bo‘lishi mumkin, degan savolga javoban rossiyalik ikki mulozim 2022 yilning aprelida Istanbul shahrida tasdiqlangan va Putin ham bir necha bor tilga olgan kelishuvning loyihasiga ishora qilishgan. Agentlikning yozishicha, Ukraina AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy va Rossiyaning o‘zi tomonidan taqdim etiladigan xavfsizlik kafolatlari evaziga doimiy neytrallikka rozi bo‘lishi kerak.

Rossiyalik mulozimlardan biri Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari berilmasa o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga ham erishib bo‘lmasligini qayd etgan. «Masala G‘arbni Rossiya bilan kuni kelib to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashishiga olib keladigan kelishuvdan qochish haqida bormoqda», — degan manba.

Ikki manba AQShning amaldagi prezidenti Jo Baydenning Ukrainaga Rossiya hududining ichkarisiga ATACMS raketalari bilan zarba berishga ruxsat bergani mojaroni tartibga solishni qiyinlashtirishi va ortga surishi, shuningdek, Moskvaning talablarining yanada qat’iylashishiga sabab bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Rossiya prezidenti Dmitriy Peskov avvalroq Putin «modajoni muzlatish hech narsaga olib kelmasligi»ni aytganini ta’kidlagan. Peskovning qo‘shimcha qilishicha, Baydenning ATACMS bo‘yicha qarori «AQSh tomonidan mojaroni yanada xavfli avj oldirilishidir». Rossiya prezidenti matbuot kotibi 20 noyabr kuni jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda «bu mojaroni qandaydir yo‘llar bilan muzlatish bizga to‘g‘ri kelmaydi, biz barchaga ma’lum maqsadlarimizga erishishimiz muhim», degan.

Ukraina tashqi ishlar vazirligi Reuters so‘roviga javob bermagan.

Donald Tramp bir necha bor Rossiya-Ukraina urushini «24 soat ichida» to‘xtata olishi va hattoki Vladimir Putin bilan gaplashishga ham tayyorligini aytib kelgan, bu holatda u urushga qanday yakun yasashiga aniqlik kiritmagan. The Wall Street Journal gazetasi Tramp saylanganidan so‘ng Ukrainaga NATOga a’zo bo‘lish rejalaridan kamida 20 yilga voz kechish hamda front chizig‘ini muzlatishni taklif qilishi to‘g‘risida yozgan edi.

Ukraina avvalboshdan bosib olingan hududlari to‘liq ozod bo‘lishi va Rossiya qo‘shinlarni xalqaro tan olingan 1991 yilga chegaralardan tashqariga chiqarib yuborishni yoqlab kelayotgan edi. Financial Times gazetasining 2024 yil oktyabrida xabar qilishicha, ukrainalik mulozimlar endi garchi Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududida qolsa ham o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni muhokama qilishga tayyor. O‘zini oshkor qilmagan ukrainalik mulozim FTʼga Ukraina uchun eng muhimi — «to‘g‘ri» xavfsizlik kafolatlari ekanini aytgan. Yuqori martabali g‘arblik mulozim esa nashrga muhokama qilinayotgan yagona strategiya «NATO a’zoligi evaziga hududlar» bo‘layotganini aytgan.

Vladimir Putin iyul oyida jangovar harakatlar to‘xtashi va sulh muzokaralari boshlanishi uchun Ukraina bajarishi lozim bo‘lgan shartlarni sanagan edi. Bu shartlarga ko‘ra, Ukraina o‘z qo‘shinlarini Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlaridan olib chiqishini e’lon qilishi, harbiylarni olib chiqish bilan real shug‘ullanishi, shuningdek, NATOga a’zo bo‘lish rejalaridan rasman voz kechishi kerak. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu talablarni «ultimatum» deb atagan, Rossiya prezidentini Adolf Hitlerga qiyoslagan va Putin «to‘xtamasligi»ni ta’kidlagan.

Ko‘proq yangiliklar: