Ozarboyjon 2025 yilgi davlat budjetida mudofaa va milliy xavfsizlik xarajatlarini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirmoqda.
«Ushbu qadamlar harbiy salohiyatni oshirish va Armanistonning harbiylashuviga javob berish zarurati bilan bog‘liq», — deydi mamlakat moliya vaziri Samir Sharifov.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilgi budjet loyihasida mudofaa va milliy xavfsizlik uchun umumiy davlat xarajatlarining 20,3 foizi ajratilgan — bu 8,396 milliard manatga (4,94 milliard dollar) teng. Qayd etilishicha, bu 2024 yilgi prognozlardan 17,8 foizga yoki 2023 yilgidan 43,4 foizga ko‘p.
«Ozarboyjonning mudofaa va milliy xavfsizligini mustahkamlash, shuningdek, harbiy qurilishlar modernizatsiyasi xarajatlar oshirilishini talab etadi», — deydi moliya vaziri.
Ma’lum qilishicha, 2025 yilda Ozarboyjonda 1,56 milliard dollar qurolli kuchlarga, 275,2 million dollar milliy xavfsizlikka hamda 317,8 million dollar chegara xizmatiga ajratiladi. Shuningdek, mudofaa va milliy xavfsizlikka oid boshqa faoliyat turlariga 2,77 milliard dollar yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu xarajatlarni moliyalashtirish Ozarboyjon Davlat neft jamg‘armasidan mamlakat budjetiga o‘tkazmalarni oshirish hisobiga ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda mudofaa va xavfsizlik xarajatlari 2023 yilda 3,2 trillion so‘mga oshirilgan edi. Mudofaa xarajatlari boshqa xarajatlarni kamaytirish hisobiga oshirilgan. Xususan, Bojxona qo‘mitasi va Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi («O‘zdavzaxira») Iqtisodiyot va moliya vazirligi tuzilmasiga o‘tkazilishi munosabati bilan xarajatlar mos ravishda 944,4 milliard so‘m va 64,5 milliard so‘mga qisqartirilgan.